Toshkentda homilador ayolning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
3-sahifa
−
24 Oktabr 2023
11084Joriy yilning 3 yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi Ohangaron shossesida Nexia-3 haydovchisi homilador ayolni urib yuborgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, erkak yo‘l va ob-havo sharoitlari tufayli piyodalar o‘tish yo‘lagidagi ayolni urib yuborgan. Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan, biroq olgan jarohatlari sabab vafot etgan. O‘limidan oldin dunyoga keltirgan chaqalog‘i ham uzoq yashamagan.
Sud-tibbiyot ekspertizasi ham ayol va chaqaloqning o‘limiga yo‘l-transport hodisasi oqibatida olgan jarohatlar sabab bo‘lganini aniqladi. Haydovchining aybi voqea joyidan olingan bayonnomalar va ekspertiza xulosalari bilan isbotlangan.
Yo‘l transport hodisasidan so‘ng erkak jabrlanuvchini Damas'da shifoxonaga olib borgani, shuningdek, u marhumning yaqinlariga yetkazilgan moddiy zararni ham qoplaganini aytib, suddan yengil jazo tayinlashini so‘ragan.
Marhumaning onasi ham sudlanuvchiga hech qanday da’vosi yo‘qligini aytib, suddan ayblanuvchiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashini so‘ragan.
Joriy yilning 11 iyul kuni sudya Anvar Ikromov sudlanuvchini 266-moddaning 3-qismi (Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Ayblanuvchi uch yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilingan holda 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Biroq sudya uning aybiga iqror bo‘lgani, yoshi, oilaviy sharoiti, sudlanmagani va haydovchiga berilgan ijobiy ma’lumotnomalarni inobatga olib, sudlanuvchiga nisbatan hukmni uch yillik shartli jazo bilan almashtirdi.