Toshkentda haydovchi ikkita avtobus o‘rtasida ezilib halok bo‘ldi
3-sahifa
−
20 dekabr 8966 2 daqiqa
Bugun, 20 dekabr kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida 37 yoshli haydovchi ikkita avtobus o‘rtasida qolib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, taxminan soat 16:56 larda “1-avtobus saroyi” filiali tasarrufida bo‘lgan YUTONG CNG rusumli, davlat raqami 01| 081 QKA, saroy raqami 346-bo‘lgan, 55-yo‘nalishda harakatlanadigan avtobus haydovchisi I.A. (1970 yilda tug‘ilgan, mehnat faoliyati 35 yil, korxonada 1,5 bo‘lgan) avtobusni Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi bo‘ylab boshqarib kelib temiryo‘l kesishmasida poyezd o‘tayotgani sababli avtobusni to‘xtatib turgan. Shu vaqtda uning orqasida to‘xtab turgan “12-avtobus saroyi” filialiga tegishli YUTONG CNG rusumli, davlat raqami 01 | 895 LKA, saroy raqami 126-bo‘lgan avtobus haydovchisi E.R. (1988 yilda tug‘ilgan, mehnat faoliyati 17 yil, korxonada 1 yil) avtobusni qo‘l tormoziga qo‘ymasdan pastga tushib avtobus oldiga o‘tgan. Shundan so‘ng, avtobus o‘z inersiyasi bilan yurib ketib, haydovchi E.R. ni siqib qo‘yishi oqibatida baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Mazkur baxtsiz hodisa “12-avtobus saroyi” filiali haydovchisining ehtiyotsizligi oqibatida sodir bo‘lgan va haydovchi E.R. voqea joyida vafot etgan. Hozirda ushbu hodisa Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan rasmiylashtirilgan.
“Sodir bo‘lgan mazkur baxtsiz hodisa munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga “Toshshahartransxizmat” AJ chuqur ta’ziya izhor etadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida Isuzu rusumli avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashib, ag‘darilib ketgandi. Hodisa oqibatida avtobusda bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchiga tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Live
Barchasi