Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi bog‘ qurilyapti. Uni ikki davlat Prezidentlari ochib beradi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida ozar xalqining umummilliy lideri, Ozarbayjon Respublikasining uchinchi Prezidenti Haydar Aliyev nomidagi bog‘ barpo etilmoqda. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi. 

Yangi bog‘ Toshkentning Mirobod tumani Temiryo‘lchilar ko‘chasida qurilmoqda. Bu yerda Haydar Aliyev barelefi o‘rnatiladi. Bog‘ning umumiy maydoni 0,51 gektarni tashkil etadi. 

Ma’lumki, joriy yilning 15-16 aprel kunlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat vitse-prezidenti – birinchi xonim Mehribon Aliyeva bilan O‘zbekistonga kelmoqda. Bu Ilhom Aliyevning oxirgi 10 yillikda O‘zbekistonga amalga oshirayotgan ilk tashrifi. Ozarbayjon rahbarining 2010 yilning 27-28 sentyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda shahrida Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi ish boshlagan edi. Yangi bog‘ni ham ikki davlat rahbarlari ochib berishi kutilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Baku shahriga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Ushbu uchrashuvda Mirziyoyev Aliyevni O‘zbekistonga taklif qilgandi

Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvida Sharof Rashidov va Haydar Aliyev o‘rtasidagi samimiy do‘stona munosabatlar tilga olingandi

“Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. O‘zbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan ko‘p suhbatlashganman. U har doim o‘zbek xalqiga hurmat bilan munosabat bo‘lgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidovich bilan ko‘p bor uchrashib, ko‘plab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot bo‘lganlar Haydar Aliyevning har qanday vaziyatda O‘zbekistonga hurmat bilan munosabat bo‘lgani, qo‘llab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “o‘zbek ishi” yuzaga kelgan og‘ir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli o‘laroq o‘zbek xalqi haqida o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lgan”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Haydar Aliyev 1923 yilda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tavallud topgan. 1993-2003 yillarda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Uning rahbarligida sobiq ittifoq mustamlakasidan chiqqan Ozarbayjan siyosiy, iqtisodiy, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarida qator yutuqlarga erishdi. U 2003 yil 12 dekabr kuni vafot etdi. Mamlakat Prezidenti lavozimini esa Haydar Aliyevning o‘g‘li Ilhom Aliyev egalladi va Haydar Aliyev mamlakatning umummilliy lideri sifatida qabul qilindi. Markaziy ko‘chalar, bog‘lar, aeroport, ta’lim muassasalariga Haydar Aliyev nomi berildi. Shaharlar markazlarida Haydar Aliyev nomidagi san’at saroylari tashkil etildi. Barcha tumanlarda, jumladan diplomatik aloqalar o‘rnatilgan bir qator mamlakatlarda Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazlari ochildi.  


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Ozarbayjon Ilhom Aliev Haydar Aliev

Baholaganlar

98

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing