Toshkent yana bir yirik xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi
Jamiyat
−
09 iyun 6523 2 daqiqa
Joriy yil 9-12 iyun Kunlari O‘zbekiston poytaxtida Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, O‘zbekiston diplomatiyasi, ayniqsa iqtisodiy diplomatiyasi uchun mazkur hafta muhim ahamiyatga ega. Chunki Toshkent dunyoning turli burchaklaridan kelgan davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli investorlar va tadbirkorlar uchun haqiqiy imkoniyatlar markaziga aylanmoqda.
“Tig‘iz kun tartibi, oliy va yuqori darajadagi muzokaralar, nufuzli uchrashuvlar va samarali muhokamalar – bularning barchasi O‘zbekistonning jahon iqtisodiy sahnasidagi yangi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Forum doirasida taqdim etiladigan loyihalar energetikadan tortib, raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan keng sohalarni qamrab oladi. Bir necha milliard dollar qiymatga ega investitsiya portfeli, “Yangi Toshkent” kabi ulkan loyihalar hamkor davlatlar bilan imzolanadigan milliardlab dollarlik bitimlar – bular O‘zbekistonning global investitsiya jozibadorligining yorqin dalilidir”, deydi Burhonov.
Ma’lum qilinishicha, CNN, BBC, “Euronews”, “Reuters”, “Al Jazeera”, CGTN kabi dunyoning yetakchi OAVlaridan 130 dan ortiq vakillar Toshkent xalqaro investitsiya forumi va uning doirasidagi tadbirlarni yoritish uchun O‘zbekistonga keladi.
Ma’lumot uchun, Toshkent xalqaro investitsiya forumi 4-bor o‘tkazilmoqda. Forum birinchi marta 2022 yil 24-26 mart kunlari, ikkinchi marta 2023 yil 27-28 aprel kunlari va uchinchi marta 2024 yil 2-3 may bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 iyun kuni kechqurun O‘zbekistonga kelgan Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso hamda bugun, 9 iyun kuni keladigan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev ham IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi kutilmoqda.
Live
Barchasi