Toshkent viloyatining 8 hududida aholi uchun elektr energiyaga cheklovlar o‘rnatildi
Jamiyat
−
07 noyabr 2019
5634Toshkent viloyatining 8 ta ma’muriy hududida aholiga elektr energiyasi yetkazib berishga cheklovlar o‘rnatilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Havo haroratining keskin pasayib ketishi natijasida, so‘nggi kunlarda energiya iste’moli hajmi oshdi. Shu bois, energotizimda quvvat va yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelgan.
Vaziyatdan kelib chiqib “Milliy elektr tarmoqlari” AJ dispetcherlari tomonidan energotizim yaxlitligini saqlab qolish maqsadida, nomuayyan muddatga maxsus grafik asosida, cheklov joriy etilmoqda.
Mazkur reja-grafikka asosan, viloyatning Angren, Bekobod, Yangiyo‘l, Chirchiq shaharlari va Bekobod, Parkent, Chirchiq, Qibray, Zangiota tumanining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
“Hurmatli fuqarolar, ushbu holat bo‘yicha uzr so‘ragan holda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarga tayyor turishingizni iltimos qilamiz. Rejali o‘chirishlarning davomiyligi uzog‘i bilan ikki soat davom etadi”, deyiladi xabarda.