Toshkent viloyatida yana bir Rossiya OTM filiali ochildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya Federatsiyasi)ning Toshkent viloyatidagi filiali tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar berildi.

Qarorga muvofiq, baliqchilik tarmog‘i ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish va eng muhim ilmiy-tadqiqot vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash Filialning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Filial Bosh muassasa tomonidan ta’sis etiladi va kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib asosiy bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislar, jumladan, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi.

2019/2020 o‘quv yilida Toshkent davlat agrar universiteti Bosh muassasa bilan hamkorlikda “Suv bioresurslari va akvakultura” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi shaklda to‘lov-kontrakt asosida rus guruhida kadrlar tayyorlashni davom ettiradi.

Filialning ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

•    Filialda quyidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi:
•    Suv bioresurslari va akvakultura;
•    Ekologiya va tabiatdan foydalanish;
•    Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyasi;
•    Baliqchilik xo‘jaligi iqtisodiyoti.

Filial bitiruvchilariga Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya Federatsiyasi)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va ushbu diplom O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladi.

2020 yil 1 avgustgacha Filial malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan tanlov asosida to‘ldirilishi ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror universitet

Baholaganlar

25

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing