Toshkent viloyatida Telegram guruhida nashid tarqatgan yigit 3 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida Telegram'dagi guruhiga nashid tarqatgan 20 yoshli yigit 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy Sud matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchi J. U. ga tegishli bo‘lgan iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. U o‘zi foydalanayotgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatganligi aniqlangan. Shu bois J.U.ga tegishli bo‘lgan iPhone-X rusumli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 maydagi hukmiga ko‘ra J.U. (2002 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti tugallanmagan oliy)ga Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Sudning hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, taraflar uning ustidan qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq yuqori turuvchi sudga apellyatsiya shikoyati berishga yoki protest keltirishga haqlidir”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning IR-1719-sonli xulosasida taqdim etilgan materialdagi ma’lumotlar aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganligi, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanganligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 22 yoshli Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti talabasi Sardorbek Rahmonqulov telefonida nashid eshitgani uchun Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Keyinchalik, unga tayinlangan jazo shartliga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilangan va u sud zalida qamoqdan ozod qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Oqqo'rg'on Din ishlari bo'yicha qo'mita nashid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing