Toshkent viloyatida maynerlar 2 mlrd so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irladi
3-sahifa
−
12 mart
5381Toshkent viloyatida 2 mlrd 284 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘marganlar ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar vazirligi va “O‘zenergoinspeksiya”ning hududiy boshqarmalari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazilib, noqonuniy mayning faoliyati bilan shug‘ullanishga chek qo‘yildi.
Xususan, Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan I.N. 10 dona “Antminer L3++” rusumli mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, mayning faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida, davlat manfaatlariga 1 mlrd 19 mln 400 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Bundan tashqari, Qibray tumanida istiqomat qiluvchi, 1998 yilda tug‘ilgan R.J.ning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u hech qanday ruxsatnomasiz mayning faoliyati bilan shug‘ullanib, 685 mln 939 ming so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilganligi aniqlanib, undan 2 ta to‘plamda bo‘lgan mayning qurilmalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Qibray tumanida kuzatilgan yana bir holatda esa 1982 yilda tug‘ilgan M.S. o‘zining yashash manzilida kriptovalyuta ishlab chiqarish faoliyati bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib, 3 ta to‘plamda bo‘lgan mayning qurilmalaridan foydalanishi natijasida, elektr energiyasi bo‘yicha davlat manfaatlariga 579 mln 474 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi