Toshkent viloyatida xalqaro aeroport quriladi
Jamiyat
−
01 avgust 13081 1 daqiqa
Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport quriladi. Bu haqda bugun, 1 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahriga aviayo‘lovchilar oqimi 2030 yilda 15 millionga yetishi kutilmoqda, lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmaydi. Shahar ichida joylashgani sababli uni kengaytirish imkoni ham yo‘q.
“Shu bois Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurish rejalashtirilgan. Bugungi kunda xususiy sheriklik bo‘yicha xorijiy kompaniyalar takliflari ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi Prezident axborot xizmati xabarida.
Taqdimotda mutasaddilar ushbu yirik loyihaning barcha jihatlari bo‘yicha axborot bergan.
Unga ko‘ra, avtotransportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida muqobil yo‘llar qurilishi ham loyihalashtirilmoqda. Bu borada investorlarga jozibador muhit yaratish uchun “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda ishlab chiqilgan. Shularga asoslanib, Toshkent bilan Samarqand o‘rtasida muqobil tezyurar yo‘l qurish loyihasiga bir necha hamkor davlatlar kompaniyalari qiziqish bildirgan.
Mutasaddilar ular bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalari va takliflari haqida ham hisobot bergan. Davlat rahbari ushbu strategik infratuzilmalarni puxta o‘ylab loyihalashtirish va tezroq amaliy bosqichga o‘tish zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportining oldida joylashgan ko‘prikni yangilash uchun 511 mlrd so‘m sarflangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi