Toshkent viloyatida bor-yo‘g‘i 13 ta onlayn-fotoradar bor – Burxonov

Jamiyat

image

2019 yilda O‘zbekistonda jami 6 mlndan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi,  jumladan 3 mlnga yaqin qo‘pol qoidabuzarlik, 35 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 350 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan. Oqibatda 8558 ta YTH sodir etilib, ularda 7943 nafar fuqaro jarohatlangan va 2096 kishi halok bo‘lgan. 2020 yilning yanvar – mart oylarida esa 2019 yilning mos davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 4,7 foizga ortgan. Ana shunday sharoitda 2019 yildagi qoidabuzarliklarning bor-yo‘g‘i 1,2 millioni kopmyuterlashtirilgan boshqaruv tizimi orqali aniqlangan. Qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va videomoslamalar, shuningdek onlayn rejimida ishlovchi fotoradarlar o‘rnatish bilan bog‘liq ishlar sust olib borilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov ma’lum qildi. 

Senatorning qayd etishicha, birgina 2019 yilning o‘zida Toshkent viloyatida respublika miqyosidagi eng ko‘p – 1147 YTH sodir etilgan. Ularda 301 kishi halok bo‘lgan. Vaholanki, viloyatda bor-yo‘g‘i 13 ta onlayn rejimda ishlovchi fotoradar mavjud. Qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlovchi foto va video moslamalar esa birorta ham o‘rnatilmagan. 

IIVning Yo‘l harakati xavfsizligi ustidan nazorat qiluvchi tuzilmalarining YTHlariga  sharoit yaratadigan sabablarni bartaraf etishiga qaratilgan muhim tavsiya va ko‘rgazmalari tegishli idora va tashkilotlar tomonidan to‘liq inobatga olinmagan. 

2020 yilning birinchi choragida esa 1229 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 376 nafar fuqaro vafot etgan.

“Tahlillarga ko‘ra, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va video moslamalar, shuningdek onlayn rejimida ishlovchi foto radarlar o‘rnatish bilan bog‘liq ishlar sust olib borilmoqda.  Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida yo‘l harakatini axborotlar bilan ta’minlash, yo‘l bo‘yidagi infratuzilmani xalqaro standartlar talablariga muvofiq rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarga lozim darajada e’tibor qaratilmagan”, deydi Burxonov.

Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish  ishlari ham talab darajasida emasligi oqibatida 2019 yilda bolalar bilan bog‘liq 1309 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 1147 nafar bola jarohatlangan va 193 nafar bola halok bo‘lgan.

Majlisda senatorlar tomonidan shu kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarini ham takomillashtirish kerakligi, mamlakatda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bog‘liq muammolar ko‘plab fuqarolar tomonidan haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotganligi ham ta’kidlandi.

Senat a’zolari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Yalpi majlis fotoradar Senat

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing