Toshkent viloyatida bangixona tashkil qilganlar ushlandi
3-sahifa
−
22 may 2052 2 daqiqa
Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarini sotish hamda iste’mol qilish uchun bangixona tashkil etganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 140-moddasi (haqorat qilish) bilan sudlangan ayol 2025 yilning iyul oyida qo‘shni respublikaga borib, narkosavdogardan 1 kg “gashish” moddasini 6 ming dollarga sotib olish va uni mamlakat hududidagi tegishli manzilga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Oradan ma’lum bir vaqt o‘tib, ayol WhatsApp messenjeri orqali giyohvandlik vositasi qoldirib ketilgan xufiya joy manzilini olgan.
So‘ngra muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan ikki tanishi bilan Bekobod shahri hududidagi dala maydoniga yo‘l olgan.
Biroq, ular giyohvandlik moddasini xufiya joydan olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, giyohvandlik vositasining sof og‘irligi 985 grammni tashkil etgan.
Tergov jarayonida ayol o‘zining 1993 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi bilan birgalikda Bekobod shahridan ijaraga xonadon olib, u yerda giyohvandlik vositalarini sotish hamda iste’mol qilish uchun bangixona tashkil etganliklari ham fosh bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudining hukmiga ko‘ra, mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasi (giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan 8 yil 3 oydan 10 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tog‘a va jiyan narkosavdogarlar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi