Toshkent viloyatida 12,3 kg narkotikni sotishga uringanlar ushlandi

3-sahifa

image

Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Toshkent viloyatida 12,3 kg giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Zangiota tumanidan bo‘lgan 47 yoshli fuqaro A.A. ning yashash xonadonidan 5 kg hamda Qibray tumanida istiqomat qiluvchi 51 yoshli D.A. ning uyidan esa 2 kg 326 gr “marixuana” giyohvandlik vositasi olingan. Aniqlanishicha, har ikki qonunbuzar ham narkotik moddani o‘z uyida yetishtirib, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Boshqa holatda esa Rossiya Federatsiyasidan olib kelinayotgan giyohvandlik vositasi DXX hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari sa’y-harakati bilan to‘xtatib qolingan. Jumladan, Toshkent tumanidagi “Navoiy” chegara bojxona postiga Qozog‘istondan kirib kelgan – Toshkent shahrida yashovchi, 36 yoshli A.A. hamda Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida yashovchi, 31 yoshli M.A. ga tegishli 2 dona reduktor tekshirilganda, uning ichida 4 kg 965 gr “Klefedron” sintetik narkotik moddasi borligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Toshkent shahrida narkotikni qabul qilib olgan ularning yana 3 nafar sherigi – E.B., I.I. va O.J. ham qo‘lga olingan.

Aniqlanishicha, narkotik modda turli messenjerlar orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi Rossiya Federatsiyasi fuqarosi tomonidan yuborilgan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi va 25,273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida muqaddam sudlangan 59 yoshli narkosavdogar qo‘lga olingandi. U 993 gramm “opiy” moddasini shartli xaridorga 15 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent viloyati Zangiota narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing