Toshkent viloyatida haydovchidan qariyb 9 kg narkotik topildi
3-sahifa
−
09:23 1724 1 daqiqa
Toshkent viloyatida avtomashina yukxonasida qariyb 9 kg giyohvand modda olib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent – Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker rusumli transport vositasi yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilgan.
Farg‘ona shahrida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 166-moddasi (talonchilik) bilan sudlangan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salonida haydovchi o‘z iste’moli uchun saqlab qo‘ygan 1,72 gramm giyohvand modda borligi aniqlangan. Qo‘shimcha tekshiruv davomida esa transport vositasining yukxonasidan 8 kg 913 gramm “gashish” moddasi olingan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, mazkur shaxs narkotik kurerlar tomonidan qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan ushbu moddani qabul qilib olib, doimiy yashash manziliga ketib borayotgan bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 2 kgdan ortiq “gashish” giyohvand moddasi va 5600 dona psixotrop dori vositasini sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi