Toshkent va Varshava o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
02 iyul 2019
2204Kecha, 1 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Polsha Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marchin Pjidach bilan uchrashdi.
TIV Matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv kun tartibidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Ikki tomonining ham konstruktiv muloqotga, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga sodiqligi tasdiqlandi.
O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi hamkorlikning muayyan jabhalari muhokama qilinib, jumladan o‘zaro savdo hajmlarini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tomonlarni qiziqtirgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligi e’tirof etildi. Shu nuqtai nazardan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya ishiga muntazamlik berish va yilning ikkinchi yarmida Varshava shahrida uning 7-yig‘ilishini o‘tkazish borasidagi takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, 2018 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya va texnologiyalarni jalb qilishga xizmat qiluvchi Polsha Investitsiya va savdo agentligi vakolatxonasining ochilgani ham ma’qullandi.
Uchrashuvda turizmni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Polsha tomoni ushbu mamlakat fuqarolariga 2019 yil 1 fevraldan boshlab 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilinganligi uchun minnatdorchilik izhor etdi. Bu qarorning Polshadan O‘zbekistonga keladigan turistlar oqimining jadallashuviga xizmat qilishi qayd etildi. Hozirda Toshkent va Varshava o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganib chiqilmoqda.
Suhbatda madaniy-gumanitar va ilmiy-ta’lim sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Muzokaralarda Polsha elchisi Pyotr Ivashkevich ishtirok etgan.
LiveBarchasi