“Toshkent to‘y oshi” ham patentlandi

Jamiyat

image

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos bo‘lgan, o‘zbek pazandachilik san’atining durdonasi hisoblangan “Toshkent to‘y oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

“Tarixiy va etnografik manbalarga ko‘ra, Toshkent vohasida palov tayyorlash madaniyati asrlar davomida shakllangan. To‘y oshi – bu shunchaki taom emas, balki kimyo, fizika va biologiya qonuniyatlari mujassam bo‘lgan murakkab jarayon bo‘lib, asosan tong saharda yarimsfera shaklidagi qalin devorli cho‘yan qozonlarda pishiriladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mazkur maqom Toshkent to‘y oshi nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich – mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ektidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatiga xos bo‘lgan “Sofi oshi” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi. Shuningdek, “G‘ijduvon shashlik”, “G‘uzor tandir go‘shti”, “Samarqand noni”, “Xorazm tuxumbaragi”, “Andijon do‘ppisi”, “So‘qoq somsasi”, “Samarqand no‘xat sho‘ragi”, “Samarqand qog‘ozi”, “Zomin qozon patiri” hamda “Baliq qarma” milliy taomi geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

geografik ko'rsatkich Toshkent to'y oshi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing