Toshkentda nafaqat uylar, balki qonunlar ham buzilyaptimi?
Jamiyat
−
24 fevral 2019
10316Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi O‘zbekiston poytaxtida qator binolarning buzilishi rejalashtiligani sababli yuzaga kelgan vaziyatdan qayg‘uda ekanini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar, shahar ma’muriyati vakillarining bayonotlari, shuningdek, o‘tgan hafta davomida Toshkent ahlining fikrlarini o‘rganib va tahlil qilib, Jamoatchilik kengashi Toshkentda eski turar-joylarni yangilash, shaharsozlik loyihasini rivojlantirish tartibsiz olib borishi oqibatida fuqarolar o‘zini himoyasiz, shaxsiy mulkka nisbatan tahdidlarni his qilishi – yo‘l qo‘yib bo‘lmas holat, deb hisoblaydi.
Shu munosabat bilan, Kengash Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi kishilar bilan uchrashuvda “Hech bir uy aholi roziligisiz buzilmaydi” degan fikrini inobatga olib, shahar ma’muriyatining amaldagi qonunlar asosida harakat qilishga intilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Jamoatchilik kengashi bayonotida aytilishicha, o‘zgarish, qurilish loyihalari va yirik dasturlarni amalga oshirishning boshqa jihatlari mahalliy aholi bilan kelishilgan holda amalga oshirish masalasi amaldagi qonunlarda nazarda tutilmagan. Shuningdek, tovon to‘lash tartibi ham aholining noroziligiga sabab bo‘ladi. Kengash quyidagi 3 ta holatga e’tiborni qaratishni taklif qilmoqda:
Birinchidan, shahar bosh loyihasi, rivojlanish strategiyasi va shaharsozlikka oid boshqa hujjatlarning mavjud emasligi qurilish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarda shaffoflikning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababdan aholi turmushini to‘g‘ri rejalashtirishi, sarmoyadorlar o‘z loyihalarini samarali va rejali amalga oshirishi uchun Toshkent shahar loyihasini ishlab chiqish va uni ommaga e’lon qilish zarur. Bunda, yangi binolarning loyihalashtirilishida eskirgan muhandislik kommunikatsiyalar va infratuzilmaga yuklamaning o‘sib borishi inobatga olinishi kerak.
Shu bilan birga, aholini o‘zgarishlardan xabardor qilishning interaktiv xaritasini va qayta aloqa mexanizmini yaratish zarur.
Ikkinchidan, Shahar ko‘rinishi o‘zgarib boryapti va yangi, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishda Toshkentning imijini yo‘q qilmaslik kerak. Turizm sohasi mamlakat rivojida muhim yo‘nalish ekanligi bildirilgan bir paytda, shaharning o‘ziga xos ko‘rinishi, mehmonlarni o‘ziga maftun etuvchi “yuzi”ga putur yetmasligi lozim.
Yetakchi urbanistlarning ta’kidlashicha, shaharning takrorlanmas qiyofasi ishbilarmonlik markazlari soni va balandligi bilan emas, balki undagi tarixiy, madaniy, me’moriy qiymatga ega binolar bilan o‘lchanadi.
Shu tufayli Jamoatchilik kengashi shahardagi madaniy, tarixiy va me’moriy qiymatga ega binolar ro‘yxatini zudlik bilan shakllantirishga chaqirmoqda. Shuning bilan, aniq talablarga mos keladigan binolarning buzilishiga taqiq qo‘yilishi kerak.
Uchinchidan, xonadon egasining haq-huquqi to‘liq ta’minlanmagan.
Ta’kidlanishicha, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yerni olib qo‘yishning aniq ifodasi va mezonlari yo‘q, shu sababdan bu amaliyot o‘ta darajada qonundan chetlashga olib kelyapti. Xususiy mulkka egalik huquqini mustahkamlash orqali bunday amaliyotga barham berish mumkin. Uy buzilishida shaffoflikni ta’minlashda esa bozor bahosini inobatga olish – asosiy masalalardan biri. Shuningdek, yer ajratib berishda ishlarni ham auksion orqali tashkil etish maqsadga muvofiq.
Ko‘p qavatli uylarni renovatsiya dasturiga kiritish va chiqarish masalasini o‘sha uyda yashovchilarning ovoz berishi mumkin bo‘lgan mexanizmni yaratish va mustaqil ekspertlarning ob’ekt haqidagi xolis fikrini bilish zarurligi ta’kidlangan.