“Toshkent shahar suv ta’minoti” direktor o‘rinbosari va bo‘lim boshlig‘i pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
18 mart 2021
6645“Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ bo‘lim boshlig‘i fuqarodan 3 mln so‘m pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 16 mart kuni fuqaro A.E. IIVga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida tadbirkorlik qilish maqsadida Yunusobod tumani Markaz-6 dagi bekatni ijaraga olib, bekatga o‘tgan suv quvuriga ulanib, hisoblagich o‘rnatganligini va hujjatlashtirish uchun Toshkent shahar “Suvsoz” boshqarmasiga murojaat qilganida, korxonaning “Mirolim” ismli xodimi suv quvurini o‘zboshimchalik bilan ulaganligini ro‘kach qilib, jarimaga tortmaslik evaziga 3 mln so‘m berishini talab qilayotganligini ma’lum qilgan. Fuqaro xodimga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni tezkor tadbir o‘tkazilgan. Natijada “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ bo‘lim boshlig‘i H.M. Uchtepa hokimligi yaqinida ariza muallifi A.E. dan 3 mln so‘m olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushlangan shaxs ushbu pullarni “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ direktor o‘rinbosari P.R.ning topshirig‘iga asosan olganligini va pullarning bir qismini unga berishi lozimligini ma’lum qilgan.
17 mart kuni tezkor tadbir davom ettirilib, P.R. xizmat xonasida H.M.dan 3 mln so‘m miqdoridagi pullardan, 1 mln 800 ming so‘mini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan, 17 mart kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti Toshkent shahar Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, P.R. va H.M. Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlangan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi