Toshkent shahar hududi 18 ming gektarga kengayadi
Jamiyat
−
29 iyun 2019
11215Bugun, 29 iyun kuni Toshkent shahar hokimiyatida hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev va hokimlik mutasaddilari ishtirokida Matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida shahar hokimining o‘rinbosari Davron Hidoyatov Toshkent shahar hududini 18 ming gektarga kengaytirish rejasi mavjudligini ma’lum qildi.
“Biz Toshkentga 18 ming gektar yerni qo‘shib olishni rejalashtirayapmiz. Hozir masalaning hamma jihatlari o‘rganilmoqda, hali bir to‘xtamga kelingani yo‘q. Viloyat hududining bir qismini shaharga qo‘shib olish oson ish emas. Ayni paytda Toshkent hududi 33 ming gektar. Endi tasavvur qiling, qo‘shib olinadigan yer shaharning hozirgi hududining deyarli 60 foiziga teng bo‘ladi”, deb aytib o‘tgan Davron Hidoyatov.
Shartli ravishda “Yangi Toshkent” deb atalayotgan bu hudud shaharning sharqida, Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida bo‘ladi. Yaqinda Britaniyaning Benoy arxitektura kompaniyasi ushbu hududning bosh rejasi konsepsiyasini ishlab chiqqan edi.
Uning aytishicha, hozir bir nechta kompaniya “Yangi Toshkent” bo‘yicha o‘z takliflarini tayyorlamoqda, ular orasida britaniyaliklarnikidan tashqari Xitoy kompaniyalari ham bor.
“Yangi Toshkent”da bir nechta “tortish markazlari” bo‘ladi, shu jumladan, yangi ma’muriy va biznes hudud, orol ichida quriladigan uylar, savdo hududi va aeroport bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, bu yerda kanallar tarmog‘i, ko‘kalamzorlar, bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilayotir. “Yangi Toshkent”da jami ikki millionga yaqin kishi yashashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, D.Hidoyatov Toshkentning bosh rejasi tayyor bo‘lib qolganini bildirgan. U yil oxirigacha taqdim etiladi.