“Toshkent-Markaziy” temiryo‘l vokzalidan ayrim poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatiladi
Jamiyat
−
10 iyul
4028“Toshkent-Markaziy” (Shimoliy) vokzali orqali harakatlanuvchi deyarli barcha poyezdlar 15 iyuldan 15 avgustgacha “Toshkent-Janubiy” vokzaldan jo‘naydi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “To‘qimachi” hamda “Toshkent yo‘lovchi” bekatlari oralig‘idagi temiryo‘lda ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Shu bois “Olmaota-Toshkent-Olmaota”, “Toshkent-Novosibirsk-Toshkent”, “Toshkent–Samara–Toshkent” yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda “Toshkent–Hojikent–Toshkent” shaharlararo poyezdlaridan tashqari bugungi kunda “Toshkent-Markaziy” temiryo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlar Toshkent-Janubiy vokzaldan o‘z harakatini boshlaydi.
Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda “Toshkent–Andijon–Toshkent”, “Toshkent–Volgograd–Toshkent”, “Dushanbe–Toshkent–Dushanbe” yo‘lovchi poyezdlari “Toshkent-Janubiy” vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
“Toshkent-Markaziy” hamda “Toshkent-Janubiy” vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.
Bildirilishicha, bir oy mobaynida “Toshkent-Markaziy” vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni “Toshkent-Janubiy” vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qo‘yiladi.