Sardoba fojiasiga yomg‘ir va shamolni sabab qilib ko‘rsatish mantiqdanmi?
Tahlil
−
03 may 2020
238871 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devori yorilib, suv toshqini yuzaga kelgani, suv aholi yashash punktini bosganidan xabaringiz bor. Suv toshqini natijasida minglab aholi uylari vayron, ekin dalalari va tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar nobud bo‘ldi. 70 mingga yaqin fuqaro evakuatsiya qilindi.
Xo‘sh, suv to‘g‘onining yorilishiga nima sabab bo‘ldi. Mutaxassislarning bot-bot takrorlayotganidek, suv to‘g‘onining o‘pirilishiga noqulay ob-havo sharoiti, yomg‘ir va kuchli shamol sabab bo‘lgani rostmi?
Fizik materialshunos, fan nomzodi Rustam Ashurov "Sardoba" suv omborida bo‘lgan voqeani o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida quyidagicha sharhladi:
“Falokatda gidrometeorologik faktorlar ta’sirini o‘rganish uchun birinchi navbatda meteorologik monitoring natijalarida olingan ma’lumotlarga tayanamiz. Suv omboriga eng yaqin bo‘lgan meteorologik stansiya bu — Yangiyer meteorologik kuzatuv stansiyasidir. U suv omboridan 27 km uzoqlikda joylashgan.
30 aprel kechasi shamolning tezligi 12 m/s, 27 aprel kechasi (Voqeadan 3 sutka oldin) 17 m/s, voqea paytida shamol tezligi 2 m/s bo‘lgan. Kuzatuvlar tarixida shamolning maksimal tezligi stansiyada 36 m/s bo‘lgan. Bu 2 m/s yoki bir kun oldingi 12 m/s suv ombor yuzasida to‘lqinlar hosil qilishi uchun vaj bo‘lmas. Mayli, bu u darajada katta shamol tezligi bo‘lmasa-da, 3 sutka oldin to‘lqinlarni hosil qilgan holat suv ombori dambasi devorlariga 3 sutkadan so‘ng ta’sir ko‘rsatadimi? Mantiq yo‘q.
Yomg‘ir... Bir sutka oldin va kechasi yomg‘ir haqiqatan ko‘p yog‘gan. 45 mm. Bu 67,4 km² maydonga ega suv ombor yuzasiga bor yo‘g‘i 2,7 mln m³ suv tushganini anglatadi. Umumiy hajmi 900 mln m³ hajm suvni o‘ziga sig‘dira oladigan suv ombor uchun bu qiymat (0,3%) qanday ta’sir etishi mumkin?
Sardoba suv ombori suv olish sig‘imi 922 mln m³ bo‘lib, suv ombori suv olish manbasi kanal hisoblanadi. Kanaldagi suvni doim jilovlasa, boshqarsa bo‘ladi. Bu suv ombori soy yoki sel o‘zani suvlaridan suv olmasligini inobatga olsak, qandaydir tashqi muhitdan suv oqimi(sel-suv toshqini) xavf tug‘dirmaydi. Suv omborining maydoni 60,7 km²ni tashkil etadi.
Yangiyer meteorologik kuzatuv stansiyasining kuzatuv natijalarini keltirib o‘tamiz:
• 28 aprel stansiyada maksimal 17 m/s tezlikda shamol esgan. Yog‘ingarchilik kuzatilmagan;
• 29 aprel soat 08:00 dan 30 aprel soat 08:00 gacha kunduz va kechasi umumiy 45 mm yomg‘ir yog‘gan;
• 30 aprel soat 08:00 dan 1 may soat 08:00 oraliqda kunduz va kechasi yog‘ingarchilik kuzatilmagan. Shamol maksimal 8 m/s tezlikda esgan. Voqeadan oldin shamol tezligi 10 soat davomiylikda maksimal bor yo‘g‘i 2 m/s bo‘lgan.Yangiyer kuzatuv stansiyasi ma’lumotlaridan tashqari internet orqali boshqa alternativ ma’lumotlarni ham topish mumkin. Masalan, www.meteoblue.com. Ushbu sayt orqali voqea sodir bo‘lgan yerdagi Gidrometeorologik ma’lumotlarni 26 aprel va 3 may oralig‘i uchun ko‘rib chiqamiz. Saytdagi ma’lumotlardan ko‘rishingiz mumkinki, 30 aprel kuni shamol tezligining maksimal qiymati 10 m/s soat 18:00 – 19:59 vaqt oralig‘ida kuzatilgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda shamol faktori o‘ta xavfsiz bo‘lgan.
Meteorologiya, umuman qishloq-xalq xo‘jaligi, sanoat-qurilish sohalarida shamolning maksimal tezligi soniyasiga 15 metrdan yuqorilasa, xavfli meteorologik hodisa sanaladi. Lekin, u darajada katta talafotlar yuzaga kelmaydi.
Bu kriteriya ixtiyoriy strategik ob’ektlar doim tayyor turishi kerak. Agarda, shamol tezligi soniyasiga 24 metrdan kuchaysa, aviatsiyada uchqichlar parvozi vaqtincha bekor qilinadi. Shamol tezligi soniyasiga 30 metrdan yuqorilasa, o‘ta xavfli meteorologik hodisa kuzatilib, bunda aniq qandaydir favqulodda holatlar yuzaga keladi.
Xulosa
1. Shamol tezligi kritik qiymatdan ancha past bo‘lgan. Shamol vaji ishonchli emas;
2. 3 kun davomida yog‘gan yomg‘ir miqdori suv ombori hajmining 0.3 % miqdorini tashkil qiladi. Bu qiymat to‘g‘onga ta’sir qiladigan bosimni sezilarli ravishda oshirmasligi kerak. Chunki inshootlarda mustahkamlik zaxirasi (zapas prochnosti) degan tushuncha bor. Odatda mustahkamlik zahrasi inshoot mo‘ljallangan qiymatdan 50 % miqdorida ko‘p qilib olinadi. Aytaylik biror kichik ko‘prikcha 1000 tonna yuk ko‘tarishga mo‘ljallansa, uni mustahkamlik zaxirasini hisobga olib, 1500 tonna yukka mo‘ljallab qurishadi. Shunday bo‘lsa-da, 1000 tonna yuk uchun ekspluatatsiya qilishadi. Shu sababli, agar suv omborining to‘g‘oni qurilishida barcha normalar bajarilgan bo‘lsa, 0.3 % qo‘shimcha bosim falokatga olib kelmasligi kerak”.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi va 258-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi