Toshkent, Andijon, Jizzax... Iroqdan qaytarilgan bolalar asli qayerlik bo‘lgan?

Bu qiziq

image
Bizni namozimizdan to‘xtatishgani yo‘q – Al-Xoldagi sobiq asira north_east

Bizni namozimizdan to‘xtatishgani yo‘q – Al-Xoldagi sobiq asira

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan mutlaqo maxfiy muhr bilan “Mehr-2” operatsiyasi tashkil etilgani va Iroq hududida og‘ir sharoitda qolayotgan o‘zbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelingani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonga qaytarilgan bolalar haqida to‘liqroq ma’lumot berdi. 

Unda qayd etilishicha, “Mehr 2” deb nomlangan ushbu insonparvarlik amaliyoti doirasida O‘zbekistonga olib kelingan 35 nafar o‘g‘il va 29 nafar qiz bolalarning orasida 16 nafar 3 yoshgacha bo‘lgan norasida va 2 nafar yetim bolalar bor.

Shu jumladan, Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlaridan, hamda Toshkent shahridan 10 nafardan, Xorazm viloyatidan 7 nafar, Surxondaryo viloyatidan 6 nafar, Farg‘ona viloyatidan 4 nafar, Namangan viloyatidan 4 nafar, Buxoro viloyatidan 2 nafar va Jizzax viloyatidan 1 nafar bolalar sarson-sargardonlik va xor-zorlikdan qutqarib kelingan. 

“Taassuf bilan ta’kidlaymizki, mazkur bolalarning shu kuyga tushishiga ularning ota-onalari bosgan noto‘g‘ri qadam sabab bo‘ldi. Buzg‘unchi kimsalarning soxta da’volariga uchgan bu ota-onalarning ayrimlari oxir-oqibatda ayanchli o‘lim topishgan bo‘lsa, qolganlari Iroq va Suriya qamoqxonalarida jazo o‘tashmoqda. Afsuski, yoshlarimizning mutaassib g‘oyalarga ergashib ketishiga yaqinlarimizga befarqligimiz, hushyorlik va ogohlikni yo‘qotib qo‘yishimiz ham sabab bo‘ladi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Hozirda qutqarib kelingan bolalar barcha sharoitlar yaratilgan sog‘lomlashtirish muassasiga joylashtirilgan. Mutaxassislar tomonidan ularga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Sihatgohda bolalar issiq ovqat, yangi kiyim-bosh va zarur buyumlar bilan ta’minlangan.

Gumanitar amaliyot ishchi guruhi tomonidan ayni paytda turli xalqaro terroristik tashkilotlarga a’zo bo‘lib, o‘zga davlatlar fuqarolari tinchligi va osoyishtaligiga tahdid solgani uchun Iroq davlatida 10-20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan o‘zbekistonlik ayollar bilan tegishli suhbatlar o‘tkazildi va farzandlarini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ularning roziligi olindi. 

Ta’kidlash joizki, ushbu ayollardan ayrimlarining turmush o‘rtog‘i ayni paytda xalqaro terroristik tashkilotlar safida qolayotgan bo‘lsa, bir qismi jangovar harakatlar davomida ayanchli o‘lim topgan, qolganlari esa Iroq va Suriya qamoqxonalarida jazo o‘tamoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Mehr-2” operatsiyasi Iroq davlati hukumati va YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Iroq Yaqin Sharq Mehr-2

Baholaganlar

173

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing