“Toshkent — Andijon” pullik avtomobil yo‘lini qurish rejalashtirilmoqda
Jamiyat
−
27 yanvar 2020
6698O‘zbekiston yana bir pullik yo‘l qurish loyihasini amalga oshirishi mumkin. “Toshkent — Andijon” pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasining dastlabki texnik iqtisodiy hisob-kitob hujjatlari ayni kunda konsultatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar (Pwc, Arup) tomonidan tayyorlanmoqda. Bu haqda "Xalq so‘zi" xabar berdi.
Ushbu kompaniyalar joriy yilning fevral oyi oxiriga qadar hujjatlarni taqdim etadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha uzunligi 350-360 kilometr atrofida bo‘ladi. Asosan 4 yo‘lakdan iborat yo‘l qurish loyihasi respublika miqyosida yuqori iqtisodiy-ijtimoiy ta’sirga ega.
Ushbu loyihani 3 bosqichda (1. Qamchiq avtomobil tonneli, 2. Toshkent–Angren yo‘li, 3. Qo‘qon–Andijon yo‘li) amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Dastlabki moliyaviy va texnik hisob–kitoblari taqdim etilgandan so‘ng, Jahon banki bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 2020 yil oktyabr oyiga qadar xalqaro standartlardan kelib chiqib, yo‘l qoplamasi sement yoki beton bo‘lishi, transport oqimi va yo‘l atrofida joylashgan ob’ektlarga ta’siri va boshqa muhim texnik-iqtisodiy va tijoriy masalalar aniqlanishi lozim. Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilganda, tender hujjatlari tayyorlanib (2021 aprel oyiga qadar), tender bosqichlari amalga oshirilishi (2022 yil aprel oyiga qadar) hamda tender g‘olibi bilan 2022 yil aprel oyida davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolanishi kutilmoqda.
Qurilish ishlari 2025-2026 yilgacha davom etadi.
“Qamchiq” dovonida yangi pullik tonnel qurish loyihasi “Toshkent — Andijon” pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasining bir qismi deb hisoblanadi. Iqtisodiy–ijtimoiy tomondan, shu jumladan yilning qor va kuchli sel yog‘gan vaqtlari Qamchiq dovonida avtomobil-transport harakatlanishi vaqtincha to‘xtashi ushbu loyihani amalga oshirish ustuvor ekanligini ko‘rsatib turibdi. Qamchiq dovonida yangi pullik tonnel qurish loyihasi Jahon banki tomonidan yollangan konsultatsion kompaniyalarga qo‘yilgan vazifa doirasiga kirib, dastlabki moliyaviy va texnik hisob–kitoblar joriy yilning fevral oyi oxiriga qadar taqdim etiladi. Konsultant kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tonnelning uzunligi mavjud yo‘ldan qanchalik balandlikda qurilishidan kelib chiqib 19 dan 30 kilometrgacha etishi mumkin.
LiveBarchasi