Toshkent havosining ifloslanishida mazutning “aybi” yo‘q – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
13 fevral
6614Energetika vazirligi issiqlik stansiyalari va issiqlik markazlari mazutdan foydalanishining Toshkentdagi havo ifloslanishi bilan bog‘liqligini rad etdi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni vazirlik matbuot xizmati bayonot berdi.
Bildirilishicha, Toshkent viloyati hamda poytaxt hududida “Issiqlik elektr stansiyalari” AJga qarashli 11 ta issiqlik elektr stansiyasi va issiqlik markazlari mavjud bo‘lib, shundan 6 tasida (Toshkent viloyatida joylashgan Toshkent IES, Toshkent shahrida joylashgan 3 – 5, 9 – 10 issiqlik markazlari) chindan ham kunning tig‘iz vaqtlarida, tabiiy gaz ta’minotida bosim pasaygan paytda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr hamda issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida zaxira yoqilg‘isi sifatida mazutdan foydalaniladi.
“Mazut yoqilg‘isining ishlatilishi jarayoni esa qonunchilikda belgilangan tarzda barcha mas’ul idoralar, xususan, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan ham kelishilgan tartibda yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi bayonotda.
Vazirlikka ko‘ra, stansiyada mazut yoqilishi natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqishini kamaytirish maqsadida belgilangan texnik parametrlarga mos keluvchi filtrlar o‘rnatilgan. Qayd etilishicha, kelgusida barcha issiqlik elektr stansiyalariga yoqilg‘idan chiqayotgan zararli moddalarni 95 foizgacha kamaytirib beradigan qo‘shimcha filtrlarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
“Shu bilan birga, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tasdiqlangan me’yoriy hujjatda stansiyada mazut yoqilishi texnologiyasi hamda undan chiqadigan zararli moddalar hisob-kitoblari keltirilgan. Ushbu hujjat talablariga ko‘ra, korxonada havoga tashlanayotgan moddalar belgilangan me’yor talablaridan hech qachon oshmagan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotgani aniqlangani ommaga ochiqlangan 2 fevral kuni yuqoridagi korxonalarda zaxira yoqilg‘isining maksimal sarfi sutkasiga 5 ming 17 tonnani tashkil etgan bo‘lib, o‘sha kuni atmosfera havosidagi RM-2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 35,1mkg/m3ni tashkil qilgan. Bu esa JSST tavsiyalaridan 7 barobar yuqori edi.
“Bugun soat 16:00 ga qadar yuqorida qayd etilgan korxonalar tomonidan 600 tonna mazut yoqilgan. Ammo shunga qaramay bugun soat 14:10 holatiga ko‘ra, poytaxt havosidagi RM-2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori 162 mkg/m3ni tashkil etgan. Bu “o‘ta zararli” hisoblanadi va JSST tavsiyalaridan 32,4 marta ko‘proq. Ushbu miqdor Toshkent jahondagi havosi eng iflos shaharlar ro‘yxatida 3-o‘ringa chiqishini ta’minlab berdi”, deyiladi Energetika vazirligi bayonotida.
Qayd etilishicha, mazkur holat poytaxt havosining ifloslanishida mazutning zarracha ham hissasi yo‘qligini, issiqlik elektr stansiyalarida ushbu yoqilg‘i Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishilgan me’yoriy talablar asosida yoqilayotganini isbotlaydi.
Vazirlik birgina Toshkent IESda havoga tashlanayotgan moddalar zararini kamaytirish, ekologik muvozanatni saqlash maqsadida 2023 yil davomida 10 mingdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilganini bildirdi. Ta’kidlanishicha, bu kabi ishlar bugun barcha yoqilg‘i-energetika korxonalari tomonidan izchil olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2 fevral kuni Toshkent issiqlik elektr stansiyasida mazutdan foydalanilayotganligi aniqlangan va IES atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 1 mlrd 23 mln so‘m (atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun 759 mln, neft mahsulotlari bilan yerni ifloslantirganlik uchun 264 mln) miqdorida jarimaga tortilgandi. 6 fevralda esa Yangi Angren IESning atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli moddalar belgilangan me’yorlarga nisbatan yuqori ekani aniqlandi va u 1 mlrd 3 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi.