Mo‘ynoqda katta bosimda gaz sizib chiqdi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida gaz sizib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 26 iyul kuni Mo‘ynoq tumanining “Uchsoy” OFY hududida joylashgan “Muynoq” konida olib borilayotgan burg‘ilash ishlari davomida 5000 metr chuqurlikka mo‘ljallangan 1-sonli quduqda 4707 metr chuqurlikdan gaz chiqishi kuzatilgan. Bu quduq – ushbu konda burg‘ilash ishlari boshlangan birinchi quduq hisoblanadi.

Vazirlikka ko‘ra, gaz bosimi kutilgan darajadan yuqori bo‘lgani sababli barcha xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda quduqni likvidatsiya qilish va bosimni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Voqea sodir bo‘lgan paytdan boshlab barcha tegishli tashkilotlar – “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi boshchiligidagi Jamiyatga qarashli “Ochiq neft va gaz favvoralarini oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismining Markaziy harbiylashtirilgan nazorat otryadi”, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda mahalliy hokimiyat mutasaddilari voqea joyida bo‘lib turibdi.

“Eng asosiysi, ushbu quduq aholi yashash joyidan uzoqda va gaz tarkibida oltingugurt yo‘q bo‘lgan toza metan hisoblanadi. Qayd etish joizki, Ustyurt hududidagi barcha konlardan olinadigan tabiiy gaz tarkibida oltingugurt uchramaydi”, deyiladi bayonotda.

Energetika vazirligi ayni damda holatni bartaraf etish uchun xizmat qilayotgan ishchi xodimlar sog‘lig‘ini saqlash, shuningdek, atrof-muhit va hayvonot olamiga zarar yetishining oldini olish maqsadida gaz nazorat ostida yoqib qo‘yilganini ham qayd etgan.

“Hech kim tan jarohati olmagan. Shu sababli odamlardan vahimaga tushmasliklarini so‘raymiz. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatining Boysun tumani “Kofrun” MFYda joylashgan “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib borgan. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi. 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidlagandi. Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev esa holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etganini aytgan. Keyinroq esa hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro vafot etgani ma’lum bo‘ldi. 11 nafar fuqaro esa tan jarohati olib, shifoxonaga yuborilgan. 17 sentyabr kuni ham soat 16:00 larda konga qarashli 604-son quduqning yon tarafidan yuqori bosimli vodorod sulfid gazi sizib chiqqan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Energetika vazirligi Mo'ynoq Muynoq koni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing