Toshbo‘ron va o‘limga hukm. Besoqolbozlik uchun eng og‘ir jazolarni qo‘llovchi TOP-10 davlat 

Tahlil

image

Sizga yaxshi ma’lum, ayni kunlarda O‘zbekistonda besoqolbozlik masalasi kun tartibida turibdi. Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentdan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlashni so‘ramoqda. Ayni vaqtda mamlakatda besoqolbozlarga nisbatan toqatsiz munosabat avj olgan. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov ham Jinoyat kodeksida besoqolbozlikka va uning targ‘ibotiga nisbatan choralarni kuchaytirish taklifi bilan chiqdi

Ayni vaqtda Qodirovning ushbu taklifi jamoatchilik tomonidan katta olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa jahonning boshqa mamlakatlarida besoqolbozlik uchun qanday jazo choralari qo‘llaniladi degan savolga yo‘l ochadi? Bugun shu haqda gaplashamiz.  

LGBT dunyo uchun yangilik emas. U allaqachon yoqimsiz mehmon kabi ko‘plab davlatlar eshigini qoqib ulgurgan. Bunga nisbatan ba’zi mamlakatlar inson huquqlarini himoya qilish kerak deb, LGBTga dasturxon solgan bo‘lsa, boshqa birlari keskin qonuniy choralar bilan kurashmoqda. Quyida besoqolbozlikka nisbatan o‘lim jasozi kabi o‘ta og‘ir qonuniy choralar ko‘ruvchi davlatlarning 10 tasi haqida so‘z boradi. 

Nigeriya

Afrikaning markazida joylashgan Nigeriya LGBT hamjamiyati a’zolari uchun eng xavfli mamlakat deb hisoblanadi. Ushbu davlatda geylikka targ‘ib qilish, jamiyatni bunday yot g‘oyalar bilan zaharlash u yerda tursin, gey bo‘lgani uchun ham eng kamida 14 yillik qamoq jazosiga tortiladi. Hatto, Nigeriyaning ba’zi shtatlarida besoqolbozlik uchun o‘limga ham hukm qilinadi. Bu yerda LGBT haq-huquqlarini muhokama qilish qonun bilan taqiqlangan va bu uchun jinoiy javobgarlik bor.

Qatar

Ushbu neftga boy Yaqin Sharq mamlakatida, har qanday gomoseksualizm uchun shariat qonunlariga binoan uch yilgacha qamoq, qamchi bilan savalash va hatto o‘lim jazosiga hukm qilish choralari mavjud.  2022 yilgi Jahon chempionati Qatarda bo‘lib o‘tishi munosabati bilan ushbu davlatga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni oshishi kutilmoqda. Shu bois inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar ushbu turnir davomida mamlakatda mavjud LGBTga qarshi qonunlarni to‘xtatib turishni muhokama qildi, ammo Qatar hukumati bu tashabbusni butunlay rad etgan.

Yaman

Yamanda besoqolbozlik uchun 100 darra qamchi zarbasi va qamoq jazosi mavjud. Bundan tashqari, agar turmush qurgan erkak shu ish bilan shug‘ullangani ma’lum bo‘lsa, toshbo‘ron qilish orqali o‘ldiriladi. 

Saudiya Arabistoni

Saudiya Arabistoni gomoseksualizm uchun o‘lim jazosi belgilangan yana bir davlatdir. Erkaklar o‘zlarini ayollar kabi tutsa yoki ayollar libosini kiysa, bu uchun 100 darra qamchi yoki bir yilga mamlakatdan badarg‘a qilish jazosi qo‘llanadi. Bunday jazo choralari, aksincha, erkak bo‘lishni istab qolgan ayollarga nisbatan ham belgilanishi mumkin. 

Tanzaniya

Sharqiy Afrikaning ushbu mamlakatida har qanday gomoseksual harakat uchun 30 yildan tortib, umrbod qamoq jazosigacha hukm qilinishi mumkin. Tanzaniyada LGBT tarafdorlarining har qanday harakati repressiyalar bilan bostirilmoqda. 

Eron

Eron ham besoqolbozlik uchun o‘lim jazosi qo‘llanishi mumkin bo‘lgan davlatlar qatorida turadi. Bu davlat shariat qonun-qoidalari asosida yashaydi va ushbu masalaga ham Eronning munosabati shariat bo‘yicha belgilangan. Jumladan, mamlakat Jinoyat kodeksining 114-moddasiga ko‘ra, agar erkak boshqa erkaklar bilan to‘rt marotaba jinsiy yaqinlik qilganini tan olsa, shunda unga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanadi. Agar bunday bir jinsli aloqaning soni to‘rttadan kam bo‘lsa, jazo ham yengilroq ya’ni 100 darra qamchi bilan urish yoki qamoqqa tashlash bilan cheklanadi. 

Sudan

Ushbu davlatda ham bezosoqolbozlik uchun o‘limga hukm qilishlari mumkin. Mamlkat Jinoyat kodeksining 148-moddasiga ko‘ra, ayol boshqa ayol bilan yoki erkak boshqa erkak bilan jinsiy aloqaga kirishsa, bu uchun dastlab 100 darra qamchi zarbasi va 5 yilgacha qamoq jazosi beriladi. Agar ushbu holat ikkinchi marotaba takrorlansa, yuqoridagi jazolar bilan yana qayta "siylanadi". Uchinchisida barchasi jiddiylashadi: o‘limga yoki bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilinadi.  

Barbados

Karib dengizi havzasida joylashgan orollardan tashkil topgan Barbadosda ham besoqolbozlik qonun bilan taqiqlangan. Ushbu davlatda erkak boshqa erkak bilan yaqinlik qilsa, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Malayziya

Gomoseksualizm ushbu davlatda nafaqat qonun bilan taqiqlangan va jinoyat hisoblanadi, balki jamiyatning o‘zi ham LGBTga qarshi. Malayziyada besoqolbozlik uchun 20 yil qamoq jazosi, jarima solinishi, qamchi bilan bel sohasiga zarbalar berilishi hamda mamlakatdan chiqarib yuborish belgilangan. 

Mavritaniya

Ushbu davlat gomoseksual munosabatlar jinoyat hisoblangan 66 mamlakat qatoriga kiradi. Bu yerda besoqolbozlik uchun o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Mamlakat Jinoyat kodeksining 308-moddasiga ko‘ra, bunday ishlar uchun o‘lim jazosi toshbo‘ron qilish orqali amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

4182

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing