Torontodagi festivalda otishma bo‘ldi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kanadaning Toronto shahrida o‘tkazilayotgan ko‘cha festivalida sodir bo‘lgan otishma oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Politsiya hodisa yuzasidan tergov boshlagan, biroq hozircha gumondorlar qo‘lga olinmagan. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 11 iyul kuni soat 20:12 atrofida Toronto shahridagi Sent-Kler avenyusi g‘arbiy qismi va Arlington avenyusi yaqinida sodir bo‘lgan. Hududda o‘qotar quroldan jarohatlangan olti kishi aniqlangan. Ulardan ikki nafari voqea joyining o‘zida vafot etgan. Qolgan jabrlanganlar shifoxonaga yetkazilgan.

Hodisa paytida ushbu hududda “Salsa on St. Clair” ko‘cha festivali o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Otishma ortidan politsiya voqea joyini o‘rab, xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Rasmiylar aholidan hududga yaqinlashmaslikni so‘ragan.

Hozircha otishmani kim sodir etgani va bunga nima sabab bo‘lgani ma’lum emas. Toronto politsiyasi gumondor yoki gumondorlarni aniqlash bo‘yicha ish olib bormoqda.

Ontario provinsiyasi bosh vaziri Dag Ford hodisa yuzasidan munosabat bildirib, festivaldagi zo‘ravonlikdan chuqur qayg‘uda ekanini aytgan va aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerakligini ta’kidlagan.

“Aybdor shaxs qo‘lga olinishi, javobgarlikka tortilishi va umrining qolgan qismini panjara ortida o‘tkazishi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Mo‘g‘la viloyati Bodrum tumanidagi restoranda sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida 28 yoshli Muhammer Bilik halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing