Tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan qaror ishlab chiqilmoqda — deputat
Jamiyat
−
14 iyun 2021
14863O‘zbekistonda avtomobillar oynasining tusini o‘zgartirish uchun to‘lanadigan summa kamaytirilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.
Deputatning ma’lum qilinishicha, tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.
“Yoz kelib, kunlar isishi bilan tonirovka masalasi kun tartibiga chiqadi. Joylarda fuqarolar, yoshlar bilan uchrashuvlarda, ijtimoiy tarmoqlarda aynan tonirovka bo‘yicha juda ko‘plab murojaatlar bo‘ladi.
Shu murojaatlardan kelib chiqib, hamkasbim Bahrom Rahmonaliyev bilan tonirovka narxini pasaytirish yuzasidan 2-3 xil takliflar tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishdan avval Ichki ishlar vazirligiga takliflarimizga munosabat bildirishlarini so‘rab, deputatlik so‘rovi yuborgandik.
Bugun Ichki ishlar vazirligidan so‘rovimizga javob kelibdi. Yomon tomoni, har doimgidek so‘rovga aniq javob yo‘q, takliflarimizga hech qanday munosabat bildirilmagan”, deydi G‘aniyev.
Deputat javob xatida yaxshi yangilik ham borligini ta’kidlagan. Javobda aytilishicha, tonirovka narxini kamaytirish yuzasidan Prezident Adminstratsiyasi tomonidan qaror loyihasi ishlab chiqilgan va bu loyihaga Ichki ishlar vazirligi tomonidan tegishli takliflar bildirilgan.
“Demak, yaqin orada tonirovka masalasi bo‘yicha ijobiy o‘zgarish bo‘ladiganga o‘xshaydi. Avtomobil oynalarini qoraytirishga doir cheklovlar butkul bekor qilinishini kutmasamda, lekin tonirovka uchun belgilangan narxlar sezilarli miqdorda pasayadi, deb umid qilaman”, degan Doniyor G‘aniyev.
Ma’lumot uchun, hozirda "tonirovka" narxlari quyidagicha:
Orqa yon oyna (orqa eshik) uchun (1 yilga):
jismoniy shaxslarga - 10 barobar (2 mln 230 ming so‘m);
yuridik shaxslarga - 10 barobar (2 mln 230 ming so‘m);
xorijiy tashkilotlarga - 20 barobar (4 mln 460 ming so‘m).
Old va orqa yon oynalar uchun (barcha yon oynalar) (1 yilga):
jismoniy shaxslarga - 50 barobar (11 mln 150 ming so‘m);
yuridik shaxslarga - 50 barobar (11 mln 150 ming so‘m);
xorijiy tashkilotlarga - 80 barobar (17 mln 840 ming so‘m).
Turistik avtobuslar ham 50 barobar (11 mln 150 ming so‘m) miqdorida.
LiveBarchasi