“Tolibon” jahondan yordam so‘radi
Olam
−
01 Sentabr 23318 4 daqiqa
Afg‘onistondagi eng og‘ir zilzilalardan biri 800 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va kamida 2800 kishini yarador qildi. Bu haqda Afg‘onistondagi rasmiylarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qutqaruvchilar tog‘li hududlar va noqulay ob-havo sharoiti tufayli olis joylarga yetib borishga qiynalmoqda. Bu ofat xorijiy yordamning keskin qisqarishi va qo‘shni davlatlar tomonidan yuz minglab afg‘onistonliklarni deportatsiya qilish kabi muammolar bilan yuzma-yuz turgan “Tolibon” ma’muriyatining resurslariga yanada zarba berdi.
Qobuldagi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Sharafat Zamon tun yarimida sodir bo‘lgan, magnitudasi 6 bo‘lgan va 10 km chuqurlikda yuz bergan zilzilaning vayronagarchiliklarini bartaraf etish uchun ko‘mak zarurligini aytdi.
“Bizga yordam kerak, chunki bu yerda juda ko‘p odamlar hayotdan ko‘z yumdi, uy-joylar quladi”, dedi u “Reuters” agentligiga.
“Tolibon” ma’muriyati matbuot kotibi Zabihullo Mujohidning aytishicha, zilzilada Kunar va Nangarhor sharqiy viloyatlarida 812 kishi halok bo‘lgan.
Jaloloboddagi Al-Falax universiteti talabasi Ziyoul Haq Muhammadiy uyda o‘qiyotgan paytda zilzila sodir bo‘lganini aytdi. U turishga harakat qilganini, ammo kuchli silkinish uni yiqitganini qo‘shimcha qildi.
“Biz butun tunni qo‘rquv va xavotir ichida o‘tkazdik, chunki har qanday vaqtda yana zilzila sodir bo‘lishi mumkin”, dedi u.
Qutqaruvchilar Pokiston chegarasi yaqinidagi tog‘li hududlardagi mobil aloqa uzilgan qishloqlarga yetib borishda qiyinchilikka duch kelishmoqda. U yerda loydan qurilgan uylar butunlay vayron bo‘lgan.
“So‘nggi 24–48 soat ichida bu hududda kuchli yomg‘ir yog‘gan. Shuning uchun ko‘chki xavfi ham katta. Shunday ekan ko‘pgina yo‘llar ochiq emas”, dedi BMTning Gumanitar ishlar bo‘yicha muvofiqlashtirish boshqarmasi (UNOCHA) xodimi Keyt Keri.
Ma’lum qilinishicha, qutqaruvchilar va mahalliy hokimiyatlar suv manbalari ifloslanishining oldini olish uchun hayvonlar jasadlarini tezlik bilan ko‘mishga harakat qilmoqda. Hokimiyatlarning aytishicha, qutqaruvchilar olis qishloqlarga yetib bora olmasligi sabab qurbonlar soni ko‘payishi mumkin.
“Barcha jamoalarimiz yordamni tezlashtirish uchun safarbar qilindi, to‘liq qo‘llab-quvvatlash ta’minlanadi”, dedi sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Abdul Maten Qaniye.
Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, harbiy qutqaruv guruhlari butun hudud bo‘ylab tarqaldi. 40 marta parvoz amalga oshirish orqali 420 nafar jarohatlangan va halok bo‘lganlar olib chiqildi. Hokimiyatlarning aytishicha, zilzila Kunarda uch qishloqni butunlay vayron qildi, boshqalarga ham katta talafotlar yetkazdi.
Kunarda 610 kishi, Nangarhorda esa 12 kishi halok bo‘ldi. Ayrim aholi vakillari uy vayronalari o‘rtasida yig‘lab o‘tirdi. Boshqalar esa vayrona oqibatida yig‘ilib qolgan toshlarni qo‘llari yordamida qazib, yaralanganlarni nosilkalarda olib chiqishgan.
“Bu Nurg‘al tumanining Mazor Darasi. Butun qishloq quladi. Bolalar va keksalar vayrona ostida qolgan. Bizga tezkor yordam kerak”, dedi jabrlanuvchilardan biri.
“Bizga tez yordam mashinalari, shifokorlar kerak. Yaralanganlarni qutqarish va halok bo‘lganlarni chiqarish uchun hamma narsa kerak”, dedi yana bir tirik qolgan kishi.
Bu – “Tolibon” hukumati hokimiyatga kelganidan (2021 yil) beri yuz bergan uchinchi yirik zilzila. Xorijiy kuchlar chiqib ketgach, davlat moliyasining asosiy qismini tashkil etgan xalqaro yordam ham keskin qisqargan. Diplomatlar va yordam tashkilotlari butun dunyodagi boshqa inqirozlar hamda “Tolibon”ning ayollarga nisbatan siyosatlari (xususan, ayol gumanitar xodimlarga qo‘yilgan cheklovlar) sabab moliyaviy ko‘mak qisqarganini aytishmoqda. Gumanitar yordam miqdori ham 2022 yildagi 3,8 milliard dollardan joriy yilda 767 million dollargacha kamaygan.
Gumanitar tashkilotlar Afg‘onistonda “unutilgan inqiroz” bilan kurashayotganini aytishmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, aholining yarmidan ko‘pi shoshilinch yordamga muhtoj.
“Hozirgacha hech bir xorijiy davlat qutqaruv yoki yordam ishlariga ko‘mak taklif qilmadi”, dedi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi.
Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili mamlakat Afg‘oniston ehtiyojlaridan kelib chiqib, imkoniyatidan kelib chiqib yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar Qobulga 1000 ta oilaviy palatka yetkazilganini, Kunarga esa 15 tonna oziq-ovqat yuborilayotganini, ertaga, 2 sentyabrdan boshlab yana ko‘proq yordam jo‘natilishini ma’lum qildi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘onistondagi missiyasi zilziladan jabr ko‘rgan hududlarga yordam berishga tayyorlanayotganini bildirdi. Papa Lev ham halok bo‘lganlar uchun ta’ziya bildirdi.
Afg‘oniston Hinduqush tog‘lari hududida joylashgani uchun halokatli zilzilalarga moyil. Bu yerda Hindiston va Yevroosiyo plitalari to‘qnashadi. 2022 yilda 6,1 magnitudali zilzila 1000 kishini halok qilgan edi. U “Tolibon” hukumati yuzma-yuz kelgan birinchi yirik tabiiy ofat bo‘lgan.
Live
Barchasi