“Tolibon“ zamonaviy qurollarga ega ekanligi aniqlandi

Olam

image

Afg‘onistonning shimoli-sharqida faoliyat yuritayotgan “Tolibon“ harakati jangarilarida zamonaviy qurollar mavjud. Bu haqda Afg‘onistonning Qunduz viloyati hokimi Abdul Jabbor Naimiy ma’lum qildi.

Tojikiston bilan chegaradosh Qunduz viloyati muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyoga o‘ziga xos darvoza bo‘lib xizmat qiladi. 2015-2016 yillarda viloyat markazi bo‘lmish Qunduz shahri ikki marta toliblar tomonidan bosib olingan. Viloyat so‘nggi 3,5 yil davomida Afg‘oniston hukumati nazorati ostida. Ammo hamon jangarilar ushbu mintaqada o‘z ta’sirini kuchaytirishga urinishmoqda.

Naimiyning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon safida xorijlik jangarilar soni ko‘paygan. Ular o‘z mamlakatidan qochgan jinoyatchilar hisoblanadi.

“Turli mamlakatlardan kelgan odamlar “Tolibon“ tomonida jang qilmoqdalar. Ularning ko‘plari vatanlariga qaytmaydi. Chunki ular u yerlarda jinoyatchi hisoblanadi“, deydi Naimiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi “Tolibon“ zamonaviy qurol-aslahalar, jumladan, uchuvchisiz samolyotlar bilan ta’minlangan. Bu afg‘on hukumatini “tashvishga solmoqda“. Ushbu qurollarni jangarilarga kimdan va qanday qilib olgani katta savol bo‘lib qolmoqda.

Afg‘oniston shimolida “Tolibon“ bilan bir qatorda boshqa qurolli guruhlar ham faoliyat olib bormoqda. Ular ushbu hududlardagi tinch aholini terrorga duchor qilmoqda.

“Ular aholining yerlarini va uylarini olib qo‘yishmoqda. Ba’zilari zo‘ravonlikdan qochib, o‘zlari “Tolibon“ safiga qo‘shilishga majbur bo‘lishadi“, deydi hokim.

Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda hukumat kuchlari va ilgari mamlakatning muhim hududlarini egallab olgan “Tolibon“ harakati jangarilari o‘rtasida qarama-qarshilik mavjud. Shuningdek, mamlakatda ISHID terrorchilik guruhining ta’siri kuchaygan. Hozirda Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari butun mamlakat bo‘ylab qo‘shma aksilterror operatsiyalarini o‘tkazmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Qunduz

Baholaganlar

293

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing