“Tolibon” yetakchisini hibsga olishga order berildi
Olam
−
08 iyul 28011 2 daqiqa
Xalqaro jinoiy sud (XJS) Afg‘onistondagi vaziyatni tergov qilish doirasida “Tolibon” muvaqqat hukumati oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda va Afg‘oniston bosh sudyasi Abdulhakim Haqqoniyni hibsga olishga order berdi. Bu haqdagi sud qarori tashkilot tomonidan e’lon qilindi.
Sud Oxundzoda va Haqqoniyni insoniyatga qarshi jinoyatlar, xususan, jinsga asoslangan ta’qib qilishni buyurgan, rag‘batlantirgan yoki undagan deb topdi. Ushbu jinoyatlarning qurbonlari qizlar, ayollar va “Tolibon”ning jinsiy aloqa, gender identifikatori yoki ifodasi bo‘yicha siyosatiga mos kelmaydigan” shaxslar edi. XJSning ta’kidlashicha, siyosiy ta’qiblar “qizlar va ayollarning ittifoqchilari” deb hisoblangan shaxslarga qaratilgan.
Sud xulosasiga ko‘ra, bu harakatlar Afg‘onistonda 2021 yilning avgustida “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgan paytdan boshlab sodir bo‘lgan va kamida 2025 yilning 20 yanvarigacha davom etgan. XJSga ko‘ra, ayollar va qizlar tizimli ravishda, jumladan, ularning ta’lim, shaxsiy va oilaviy hayot, harakat erkinligi, so‘z, vijdon va diniy e’tiqod huquqlarini cheklovchi farmonlar orqali ta’qibga uchragan.
XJS shuningdek, “Tolibon” siyosati boshqa inson huquqlari buzilishiga olib kelganini ta’kidlagan: qotilliklar, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, qiynoqlar, zo‘rlash va zo‘rlab g‘oyib bo‘lish.
Shuningdek, ta’qiblar nishoni siyosiy muxolif hisoblangan shaxslar, jumladan, “Tolibon” siyosatiga shunchaki passiv qarshilik ko‘rsatganlar bo‘lgani qayd etilgan.
XJS prokurori yanvar oyida Haybatulloh Oxundzoda va Abdulhakim Haqqoniyni hibsga olish uchun order berishni so‘ragan va o‘shanda “Tolibon” harakatining boshqa yuqori martabali a’zolariga nisbatan qo‘shimcha so‘rovlar tez orada yuborilishi haqida ogohlantirgan edi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning mart oyida XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Rossiyadagi Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan. 2024 yil 21 noyabrda XJS Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Isroilning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni Isroil harbiylarining G‘azo sektoridagi harakatlari uchun hibsga olishga order berdi. Shunga qaramasdan, Rim statutni ratifikatsiya qilgan Mongoliya Putinni, Vengriya esa Netanyaxuni o‘z yerlarida iliq kutib oldi va XJSning ularni hibsga olish bo‘yicha orderini bajarmadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi Afg‘onistondagi vaziyatga oid 11 sahifalik rezolyutsiyani ma’qullagandi. Unda mamlakatdagi ayol-qizlar bilan bog‘liq vaziyat keskin qoralanadi. Yakuniy ovoz berishda 116 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan, 2 davlat qarshi chiqqan. Diqqatga sazovor jihati shundaki, G‘arb davlatlari orasida AQSH yakka o‘zi “qarshi” ovoz bergan. “Qarshilar” orasida Isroil ham bor. Mintaqaviy davlatlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eron ovoz berishdan tiyilgan (betaraf qolgan).
Live
Barchasi