BMT “Tolibon” siyosatini keskin qoralovchi rezolyutsiyani ma’qulladi
Olam
−
08 iyul 3365 3 daqiqa
Kecha, 7 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi Afg‘onistondagi vaziyatga oid 11 sahifalik rezolyutsiyani ma’qulladi. Unda mamlakatdagi ayol-qizlar bilan bog‘liq vaziyat keskin qoralanadi. Bu haqda “Amu.tv” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yakuniy ovoz berishda 116 davlat, jumladan, O‘zbekiston ham rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan, 2 davlat qarshi chiqqan. Diqqatga sazovor jihati shundaki, G‘arb davlatlari orasida AQSH yakka o‘zi “qarshi” ovoz bergan. “Qarshilar” orasida Isroil ham bor. Mintaqaviy davlatlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eron ovoz berishdan tiyilgan (betaraf qolgan).

Rezolyutsiya Germaniya, Irlandiya va Shvetsiya tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, unga BMT Xavfsizlik Kengashi direktivalari, Bosh kotib hisobotlari va BMTning maxsus ma’ruzachisi baholari asos qilib olingan. Hujjat “Tolibon” davridagi ayollar va qizlarning ta’lim, ish faoliyati va harakat erkinligini cheklovchi siyosatini “keskin, keng qamrovli, tizimli va tobora og‘irlashib borayotgan” deya baholab, keskin tanqid qiladi.
BMT “Tolibon”dan ayollar va qizlarni maktab, ish joyi, sog‘liqni saqlash, siyosat va jamoat hayotidan chetlatuvchi siyosatini bekor qilishni talab qilmoqda. Shuningdek, rezolyutsiyada ayollarni jamiyatda mazmunli ishtirokini ta’minlash tinchlik, taraqqiyot va barqarorlik uchun muhim ekani qayd etiladi.
Oziq-ovqat va gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan millionlab afg‘onlar, ayniqsa ayollar va bolalar holatini hisobga olgan holda, donor davlatlarga yordamni tezkor va to‘siqlarsiz yetkazib berish tavsiya qilinadi.
Hujjat so‘z erkinligi va axborotga kirish imkonini kafolatlash zarurligini uqtirib, jurnalistlar va inson huquqlari himoyachilariga nisbatan zo‘ravonlik va senzura hollarini qoralaydi. Noqonuniy qatl, asossiz hibslar va boshqa jiddiy huquqbuzarliklar yuzasidan tergov o‘tkazish va javobgarlikka tortish talab etiladi, xalqaro xodimlar himoyasini ta’minlash so‘raladi.
Assambleya Afg‘onistonda ISHID, “Al-Qoida” va boshqa ekstremistik guruhlar mavjudligidan xavotir bildirar ekan, mamlakat terrorchilar uchun panohga aylanishining oldi olinishi zarurligini ta’kidlaydi. Shuningdek, rezolyutsiyada tinch aholi va ozchilik guruhlarni himoya qilish bo‘yicha keng qamrovli reja ishlab chiqish tavsiya etiladi.
Giyohvand moddalar ishlab chiqarishining o‘sishi qoralangan, ko‘knori ishlab chiqarishga taqiq qayta joriy etilishi kerakligi aytilgan va qishloq hududlarida muqobil qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xalqaro yordam so‘ralgan.
Hujjatda Afg‘onistonning barqaror kelajagi uchun barcha ijtimoiy guruhlarni ifoda etuvchi inklyuziv hukumat tuzish lozimligi ta’kidlanadi. Ichki afg‘onlar muloqoti va siyosiy ishtirokni qayta yo‘lga qo‘yish orqali yarashuv va qayta qurish yo‘liga o‘tish zarurligi uqtiriladi.
Rezolyutsiyaning qabul qilinishi xalqaro hamjamiyatning “Tolibon” tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni keskin qoralayotganidan dalolat beradi. AQSHning “qarshi” ovozi G‘arb davlatlarining umumiy pozitsiyasidan farqli o‘laroq ehtimol ijroga oid xavotirlar yoki diplomatik strategiyaga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mintaqa davlatlarining betarafligi esa geosiyosiy ehtiyotkorlik bilan izohlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda ota 7 yoshli qizini 45 yoshli erkakka turmushga bergani xabar qilingandi. To‘y marosimi Afg‘onistonning Hilmand viloyatida bo‘lib o‘tgan. Bo‘lajak kuyovning allaqachon ikki xotini borligiga qaramay, bolaning otasi kelishuvga rozi bo‘lgan. Bu voqea hatto “Tolibon” orasida shov-shuvga sabab bo‘lgan, ular aralashib, nikohni to‘xtatgan. “Tolibon” qizning otasini ham, unga uylanmoqchi bo‘lgan erkakni ham hibsga olgan. Hech kimga nisbatan hech qanday ayblov qo‘yilmagan, biroq mahalliy manbalarga ko‘ra, erkakka qiz to‘qqiz yoshga to‘lgunga qadar unga uylanishi taqiqlangan.
Live
Barchasi