“Tolibon” vakillari Tehronda HAMAS yetakchisi bilan uchrashdi
Olam
−
24 may
6910Eron prezidenti Ibrohim Raisiy vafoti munosabati bilan Tehronga borgan “Tolibon” delegatsiyasi HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya bilan uchrashdi. Bu haqda “Hasht-e Subh Daily” xabar berdi.
“Tehronda bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar va tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy HAMAS siyosiy idorasi rahbari Ismoil Xoniya bilan uchrashgan”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda nimalar muhokama qilingani haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. “Tolibon” mavaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziriligi rasmiysi Hofiz Ahmad uchrashuvdan suratlar e’lon qilgan, xolos.
Shuningdek, “Tolibon” vakillari Qatar Amiri sheyx Tamim bin Xamad Ol Soniy bilan ham uchrashgan. Biroq ular qaysi masalani muhokama qilgani ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, 22 may kuni Eron poytahti Tehronda prezident Raisiy va tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unda 60 ga yaqin xorijiy delegatsiyalar, jumladan 10 nafari davlat rahbarlari darajasida, 20 nafari vazirlar darajasida ishtirok etgan edi. O‘zbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchilik qildi.
Ma’mura To‘rayeva