“Tolibon” O‘zbekistonga xavf tug‘diryaptimi?

Intervyu

image

Ma’lumki, AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi fonida mamlakatda davlat qurishga intilayotgan “Tolibon” harakati ancha faollashgan. Harakat ayni vaqtda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, toliblar bir qator qo‘shni davlatlar – Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Afg‘oniston janub tarafdan O‘zbekistonning qo‘shnisi sanaladi va Afg‘onistonda kuzatilayotgan voqealarni O‘zbekistonga butkul ta’sirsiz, deb aytish qiyin. 

Xo‘sh, “Tolibon”ning afg‘on zaminida kun sayin kuchlanib, qulochi yoyilib borishi Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan yaqin qo‘shnisi bo‘lgan O‘zbekistonga xavf tug‘diradimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chiga yuzlandi. 

“Hozircha shuni aytishimiz mumkin: “Tolibon” harakatining siyosiy ma’noda kuchi qanday bo‘lishini ko‘ramiz. Ya’ni “Tolibon”ning Afg‘oniston ichidagi kuchi va salohiyati qanday? Barchamizga ma’lumki, “Tolibon” katta harbiy kuch emas. Ya’ni, “Tolibon” bir davlat qurishi uchun juda uzoq vaqt kerak bo‘ladi. Davlat qurish oson ish emas, albatta. Hurmatli Ashraf G‘ani va “Tolibon” vakillari orasida o‘tkaziladigan uchrashuv va muzokaralar ham bu masalalarga ancha oydinlik kiritadi.

“Tolibon” harakati mintaqada 2000 yillardan keyin paydo bo‘lib, kundan-kunga kuchayib kelgan harakat sifatida ko‘riladi. “Time” gazetasining 2001 yildagi sonida “Tolibon”ning kuni bitdi”, degan sarlavha bilan bir maqola e’lon qilingan edi. Oradan 20 yil vaqt o‘tdi va vaziyat tamoman teskari bir holga keldi. Bunda amerikalik tahlilchilarning naqadar katta xato qilganini ko‘rish mumkin.  

Shu bois Afg‘onistondagi vaziyat va voqealar rivojining bu mintaqada yashayotgan odamlar, qo‘shni mamlakatlar – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston uchun yaqin kelajakda tahdid va xavf tug‘dirmasligi uchun muhokama, muzokaralar o‘tkazish va shunga qarab chora-tadbir olish kerak.  

Men “Tolibon” mintaqa bo‘ylab yoyiladigan siyosat yuritadi, deb o‘ylamayman. Yoki askarlari bilan masalan O‘zbekistonga hujum qiladi, deb ham o‘ylamayman. Ularning bunday imkoniyati yo‘q. Quroli yo‘q, askari yo‘q, harbiy salohiyati yo‘q va bu narsalar bir kunda amalga oshadigan ishlar emas”, deydi akademik Husayin Bag‘chi. 

Ma’lumki, joriy yilning 15-16 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkizildi. Unda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon ham ishtirok etdi. Turkiya tashqi siyosat instituti Husayin Bag‘chi QALAMPIR.UZ bilan suhbatda davom etarkan, rasmiy Toshkentning Afg‘oniston borasidagi tashabbuslarini olqishladi. 

“Mazkur konferensiyaning O‘zbekistonda o‘tkazilishining ayni vaqti. Mavzu Afg‘oniston va Janubiy Osiyo bo‘lgani va O‘rta Osiyo mamlakatlari orasida alohida nufuzga ega bo‘lgan O‘zbekiston, Afg‘onistonning qo‘shnisi sifatida kelajakdagi voqeliklarning qanday rivojlanishi borasida mazkur konferensiyani o‘tkazishi alohida e’tiborga ega. Men O‘zbekiston Respublikasini yaqin kelajakdagi davr ichida mintaqada va jahon hamjamiyatida muammolarni hal qilish borasida muhim rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan mamlakat, deb hisoblayman. Siyosiy, iqtisodiy, geostrategik va geosiyosiy jabhalarda O‘zbekiston Respublikasining juda katta roli mavjud. Bu faktorlar, albatta, xalqaro siyosiy munosabatlar bilan bog‘lanishi lozim.
  
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyevning mavzu bilan bog‘liq tashabbuslari, albatta, boshqa mamlakatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganiga guvoh bo‘ldim.  

Mavzuning naqadar dolzarbligi hech birimizga sir emas. Qo‘shni mamlakat Afg‘onistonning buguni va kelajagi. Zero Afg‘oniston doim barchamizning diqqat markazimizda bo‘lib kelgan. Afg‘oniston masalasida har bir muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanimni alohida bildirishni istardim. O‘tkazilayotgan 6+1  – O‘rta Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston uchrashuvlari yangicha yondashuv va ahamiyat qozonadi. Oxirgi vaqtlarda yanada kuchlanib, mamlakatning katta hududini o‘z nazoratiga olgan “Tolibon” harakatining Afg‘oniston Respublikasi boshqaruvi va hukumatini qo‘lga olishi yoki olmasligini bilmaymiz. Ammo hurmatli Ashraf G‘anining yaqinda Germaniyaning “Der Spiegel” ro‘znomasiga bergan intervyusi bilan tanishib chiqadigan bo‘lsak, Afg‘oniston Respublikasidagi oxirgi vaqtlarda sodir bo‘lgan voqealarning va shuningdek, mamlakat ichkarisidagi o‘zgarishlarning nafaqat mamlakat uchun, balki butun mintaqa uchun naqadar muhimligini his qilamiz. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston eng to‘g‘ri vaqtda eng to‘g‘ri konferensiyani o‘tkazayotganiga aminmiz”, deydi siyosatshunos. 

Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chi bilan geosiyosiy jihatdan muhim suhbatni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon

Baholaganlar

354

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing