“Tolibon” O‘zbekistonga 16 ta yuk mashinasida marmar hadya qildi
Jamiyat
−
14 may
12561Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Samarqand shahrida qurilayotgan Imom Buxoriy majmuasi uchun 16 ta yuk mashinasida marmar hadya qildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 13 may kuni Termiz xalqaro savdo markazida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati bosh vaziri kotibiyati rahbari Mullo Abdul Vose hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo rahbarligidagi delegatsiyalar ishtirok etgan.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida Afg‘oniston tomonidan Samarqand shahrida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun yuborilgan 16 ta yuk mashinasidagi Hirot oq marmari O‘zbekiston tomonidan qabul qilib olingan.
“Bunday amaliy hamkorlik ikki birodar xalq o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi e’tiborga sazovardir”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Afg‘onistonga beg‘araz ravishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tomonidan saralangan, yuqori sifatli va ob-havo sharoitlariga chidamli, sertifikatlangan 5 tonna chigit (200 gektar yer maydoni uchun), 20 tonna sholi (100 gektar maydon uchun), 500 kilogramm mosh (25 gektar uchun), shuningdek, 187 kilogramm sabzavot urug‘lari va 600 kilogramm poliz ekinlarining urug‘larini topshirgandi.
LiveBarchasi