“Tolibon” O‘zbekiston uchun muhim temir yo‘lning yo‘nalishini tasdiqladi
Olam
−
24 yanvar 2022
14160Afg‘onistonning “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumati transafg‘on temir yo‘lining yo‘nalishini tasdiqladi. Bu haqda hukumatning rasmiy vakili Inamulla Samangoniy ma’lum qildi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, transafg‘on temir yo‘lining Mozori Sharifdan keyingi qismi Bag‘lon va Bomiyon orqali o‘tadi.
“Islom Amirligi Vazirlar Mahkamasining temir yo‘l loyihasining yo‘nalishini aniqlash bo‘yicha qarori: Mozori Sharif-Bag‘lon-Bomiyon yo‘nalishi O‘zbekistondan Afg‘oniston orqali Pokistonga olib boriladigan temir yo‘l loyihasi uchun tasdiqlandi”, degan Samangoniy.
Bundan oldin O‘zbekiston shu yil bahorida Kobuldan Peshovarga temir yo‘l qurilishini boshlashni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni unga xizmat ko‘rsatuvchi afg‘on kadrlarini tayyorlaydi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston aynan Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. 2021 yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi.
LiveBarchasi