“Tolibon” O‘zbekiston armiyasidan qariyb 3 barobar katta armiya tuzmoqchi

Olam

image
0:00
0:00
download

O‘tgan yilning avgust oyida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan “Tolibon” harakati 150 ming kishilik yangi armiya tuzmoqchi. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni harakat tomonidan tayinlangan Mudofaa vazirligi Matbuot kotibi Inoyatulloh Xorazmiy “Baxtar” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qurolli kuchlarni shakllantirishda Mudofaa vazirligi jangovar tajribaga ega bo‘lgan, jumladan, avvalgi tuzum davrida ham xizmat qilgan harbiylarni safarbar qilishni rejalashtirgan. 

“Biz kamida 150 ming kishilik milliy armiya yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Hozirda deyarli 90 ming kishi harbiy korpus va harbiy markazlarda ro‘yxatga olingan. Bunday tuzilmani yaratish uchun professional kadrlar zarur. Shuning uchun Milliy Mudofaa vazirligi yangi armiya tarkibiga jangovar tajribaga ega ofitserlarni jalb qiladi”, deydi Xorazmiy.

Mudofaa vazirligi vakili bo‘lajak armiyaning texnik jihozlanishini sharhlar ekan, “Tolibon” qator qo‘shni davlatlar bilan harbiy texnika yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u 2021 yil sentyabr oyidan buyon toliblarning ma’naviyatini nazorat qiluvchi “Tasfiye as-Saf” (Saflarni tozalash) komissiyasini tuzganidan buyon harakatning 4 mingdan ortiq tarafdori “Tolibon” safidan chiqarib yuborilganini ta’kidladi. 

“Afg‘oniston Islom Amirligidan bugungi kunga qadar “Tasfiye as-Saf” komissiyasi ish natijalariga ko‘ra, ishonchsiz deb topilgan 4202 kishi chiqarib yuborildi”, deydi Xorazmiy.

Ma’lumot uchun, 2021 yil oxirida “Tolibon” milliy armiyani qayta tashkil etish va samaradorligini oshirish bilan shug‘ullanuvchi maxsus qo‘mita tuzgani haqida ma’lum qilgan edi. Ayni vaqtda ular harbiy ta’lim tizimiga diniy-mafkuraviy ta’lim asoslarini bosqichma-bosqich joriy etmoqda.

Taqqoslash uchun, Global Firepower nashrining 2017 yilda taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasida harbiy xizmatchilarning umumiy soni 65 ming nafarni tashkil etadi.

Avvalroq, “Tolibon” harakati Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatlarga zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan qurollangan 10 ming jangarisini jo‘natgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

armiya “Tolibon” Inoyatulloh Xorazmiy

Baholaganlar

2912

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing