Dunyodagi eng qudratli armiyalar reytingi e’lon qilindi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Bu qiziq
−
15:03 5224 3 daqiqa
Global Firepower 2026 yil uchun dunyoning eng kuchli armiyalari reytingini e’lon qildi. 145 ta mamlakat ichida O‘zbekiston 53-o‘rinda qayd etildi.
Reytingda birinchi o‘rinni AQSH egallagan. Undan keyingi o‘rinlardan Rossiya va Xitoy joy olgan. Hindiston to‘rtinchi o‘rinni saqlab qolgan, Janubiy Koreya esa beshinchi pog‘onada qayd etilgan. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Fransiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Italiya ham kirgan.
Amerikaning PowerIndex ko‘rsatkichi 0,0741, Rossiyaniki – 0,0791, Xitoyniki – 0,0919 ni tashkil etgan. Hindistonda bu ko‘rsatkich 0,1346 ga, Janubiy Koreyada esa 0,1642 ga teng. Keyingi o‘rinlarda 0,1798 ko‘rsatkich bilan Fransiya, 0,1876 bilan Yaponiya va 0,1881 bilan Buyuk Britaniya bormoqda. Turkiya va Italiyaning ko‘rsatkichlari tegishlicha 0,1975 va 0,2211 ni tashkil qilgan.

Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston 53-o‘rin bilan yetakchislik qilmoqda. Keyingi pog‘onalarda esa Qozog‘iston (58), Turkmaniston (78), Tojikiston (100) va Qirg‘iziston (108) qayd etilgan. Reytingning eng quyi o‘rinlarida esa Markaziy Afrika Respublikasi, Beliz va Butan turibdi. Ular mos ravishda 143-,144- va 145-joylarni band qilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu tizimda indeks qanchalik kichik bo‘lsa, baho shunchalik yuqori bo‘ladi. Nazariy jihatdan ideal natija nol bo‘lishi kerak, ammo mualliflar amaldagi formula doirasida bunga erishib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Shu sababli mamlakatning o‘rni diagrammadagi chiziq uzunligi yoki alohida tanlangan qurol-yarog‘ kategoriyasi bo‘yicha emas, balki uning PowerIndex qiymati bo‘yicha belgilanadi.
Mualliflar 60 dan ortiq omillarni e’tiborga oladi: shaxsiy tarkib soni, texnika miqdori, moliyaviy imkoniyatlar, logistika, tabiiy resurslar va geografiya. Formula qo‘shimcha koeffitsiyentlarni o‘z ichiga oladi. Mualliflarning tushuntirishicha, bunday yondashuv kichik, ammo texnologik jihatdan rivojlangan mamlakatlarni yirikroq davlatlar bilan solishtirish imkonini beradi. 2026 yildagi hisob-kitoblarga 145 ta mamlakat kiritilgan.
Ushbu talqindagi yangi ko‘rsatkich aholining internet bilan qamrab olinganligi bo‘lgan. Loyiha bu yangilik haqida bosh sahifasida ma’lum qilgan. Ma’lumotlar bazasida allaqachon aviatsiya, quruqlik va dengiz texnikasi, byudjetlar, portlar, aerodromlar, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari tarmog‘i bo‘yicha alohida bo‘limlar taqdim etilgan. Yakuniy ro‘yxat ushbu ma’lumotlarni quruqlikda, dengizda va havoda odatdagi vositalar bilan urush olib borish potensialining yagona bahosiga birlashtiradi.
Global Firepower kartochkasida AQSH jami uchish apparatlari soni bo‘yicha yetakchilik qilmoqda: bazada turli maqsadlarga mo‘ljallangan samolyot va vertolyotlarni o‘z ichiga olgan 13 032 birlik ko‘rsatilgan. Amerika floti uchun 11 ta aviatashuvchi keltirilgan. Bular loyiha hisobidagi kategoriyalar bo‘lib, ular ko‘rsatilgan sifatdagi barcha texnika bir vaqtning o‘zida foydalanish uchun tayyor deganini anglatmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston joriy yilgi dunyoning eng qudratli va ta’sirli mamlakatlari reytingida 71-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi