“Tolibon” tuzadigan hukumatga mulla Barodar rahbarlik qiladi – “Reuters”

Olam

image

“Tolibon” harakatining siyosiy qanoti rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar Afg‘onistonda tuziladigan yangi hukumatni boshqaradi. Bu haqda “Reuters” agentligi bugun, 3 sentyabr kuni harakatdagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi hukumat tarkibiga Mulla Yoqub (“Tolibon”ning asoschisi va birinchi rahbari Mulla Umarning o‘g‘li) va harakatning Dohadagi vakili Muhammad Abbos Stanekzay ham kiradi.

Qayd etish kerakki, “TOLOnews” joriy yilning 1 sentyabr kuni “Tolibon” harakati Madaniyat komissiyasi a’zosi Anamulla Samanganiyga tayanib, biroz boshqacha xabar bergan edi. Unda Afg‘onistondagi yangi hukumatni harakat rahbari Mulla Haybatulla Oxundzoda boshqarishi mumkinligi aytilgan.

Xuddi o‘sha kuni “Xama press” agentligi Abdul G‘ani Barodar Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri, mulla Yoqub Mudofaa vaziri, Xalifa Haqqoniy (“Tolibon” yetakchilaridan biri Jaloliddin Haqqoniyning o‘g‘li) Ichki ishlar vaziri bo‘lishini yozgandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tolibon” Vazirlar Mahkamasi tarkibini bugun, 3 sentyabr kuni e’lon qilishi kutilmoqda.

Afg‘onistondagi vaziyat

AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing