“Tolibon” to‘y marosimlarini o‘tkazishning yangi qoidalarini joriy qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

“Tolibon” Afg‘onistonda to‘y marosimlarini o‘tkazishning yangi qoidalarini joriy qildi. Unga ko‘ra, endilikda to‘ylarda jonli musiqa aytish taqiqlanadi. Erkak va ayollar turli zallarda bayram qiladi. Bu haqda Afg‘oniston xalqaro tashkiloti xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, yangi qoidalar Ayollar ishlari vazirligi o‘rniga tuzilgan Islom yo‘nalishi vazirligi tomonidan to‘ylar uchun mehmonxona assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda belgilab berilgan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, endi erkak va ayollar turli zallarda bayram qiladi. Shuningdek, ular birgalikda raqsga tushishi va musobaqalarda qatnashishi mumkin emas. Bundan tashqari, tantanalarda spirtli ichimliklar taqiqlangan, ayollar uchun mo‘ljallangan zalga faqat qarindosh erkaklar kirishi mumkin, xalos.

“Kecha biz toliblar bilan uchrashuv o‘tkazdik. Ular mehmonxonalarda to‘y marosimlarini o‘tkazishni chekladi. “Tolibon” qo‘ygan cheklov sabab mehmonxonalar xarob bo‘lishi aniq”, deydi uchrashuvda qatnashgan mehmonxona egasi.

Odatda, Afg‘onistondagi to‘ylar jonli musiqalarsiz o‘tmagan. Aksariyat afg‘onlar shu orqali pul topgan. Ammo yangi qoidalar ularni iqtisodiy tomondan ancha qiynab qo‘yishi mumkin.

“To‘ylarda jonli musiqa aytish Afg‘onistondagi ko‘plab yosh qo‘shiqchilar va musiqachilar uchun daromad manbai bo‘lgan. Endi ular moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi muqarrar”, deydi mehmonxona rahbarlaridan biri.

Eslatib o‘tamiz, AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bu vaqtga qadar NATOga a’zo mamlakatlar ham o‘z harbiy qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketdi.  Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni qarshiliksiz egallab oldi. Prezident G‘ani mamlakatni tark etdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni esa “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1364

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing