“Tolibon” Turkmanistonga va’da berdi

Olam

image

Afg‘oniston kuch tuzilmalarining yangi rahbariyati Turkmaniston-Afg‘oniston chegarasi xavfsizligini ta’minlash hamda qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga va’da berdi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning Qobulga tashrifi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda aytilgan.  

“2021 yilning 30-31 oktyabr kunlari Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari — Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi”, deyilgan xabarda. 

Ta’kidlanishicha, tashrif doirasida Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri va Afg‘oniston Mudofaa vaziri mulla Muhammad Yoqub xavfsizlik masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan. 

Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, muzokaralarda Afg‘oniston Ichki ishlar vaziri, milliy xavfsizlik va chegara xizmati bo‘limlari rahbarlari, shuningdek Turkmanistonning tegishli vazirliklari rahbariyati ishtirok etgan. 

Qayd etilishicha, muzokaralar chog‘ida xavfsizlik, barqarorlik va chegaraviy hamkorlikni ta’minlash va mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi qayd etilgan. 

Shu munosabat bilan afg‘on tomoni umumiy, qardoshlik chegarasi, shuningdek qo‘shma istiqbolli iqtisodiy loyihalar xavfsizligi ta’minlanishini ma’lum qilgan. 

“Biz ikki davlat o‘rtasidagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalar xavfsizligini ta’minlash uchun bor kuchimizni ayamaymiz”, deya Afg‘oniston Mudofaa vazirining so‘zlarini keltirgan Turkmaniston TIV. 

Eslatib o‘tamiz, Rashid Meredov 30 oktyabr kuni Afg‘oniston poytaxtiga mamlakatda hokimiyatni egallab olgan “Tolibon” harakati vakillari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun borgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

247

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing