“Tolibon” Trampning taklifini keskin qoraladi
Olam
−
05 fevral 2025 9438 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati AQSH Prezidenti Donald Trampning falastinliklarni majburiy ravishda boshqa mamlakatlarga ko‘chirish haqidagi so‘zlarini qoraladi va buni “xalqaro huquqni ochiqchasiga buzish” deb atadi. Bu haqda muvaqqat hukumat tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
“Afg‘oniston Islom amirligi AQSH Prezidentining falastinliklarni majburan chiqarib yuborish va boshqa mamlakatlarga ko‘chirish haqidagi so‘nggi bayonotlarini xalqaro huquqning yaqqol buzilishi deb hisoblaydi”, deyiladi bayonotda.
Bayonotga ko‘ra, G‘azo aholisidan boshqa hech kim ularning taqdiri haqida qaror qabul qilish huquqiga ega emas.
“Tolibon” tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, Trampning bayonotlari Isroil hukumatining “g‘arazli” niyatlarini aks ettirayotganini va mintaqadagi beqarorlikni yanada kuchaytirishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSH G‘azo sektori nazoratini va mintaqadagi tiklash ishlarini o‘z zimmasiga olishini, shuningdek, uni butun dunyo uchun “Yaqin Sharq riveyrasiga” aylantirishini aytgandi. Shuningdek, u hozirgi G‘azo sektorini “vayrona maydon” deb atab, uning aholisiga boshqa davlatlarga, masalan, Iordaniya yoki Misrga doimiy ravishda ko‘chib ketishni taklif qilgan. Bu taklifni Misr, Iordaniya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Falastin ma’muriyati va Arab davlatlari ligasi vakillari rad etib, bunday harakat mintaqadagi barqarorlikka tahdid solishi, nizolarni kuchaytirishi va tinchlik imkoniyatlarini zaiflashtirishini ta’kidlagan. Shuningdek, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bu taklifga javoban isroilliklarni Grenlandiyaga jo‘natishni taklif qilgan.
Live
Barchasi