“Tolibon” Rossiyaning terrorizmga qarshi kurashdagi ittifoqchisi – Putin
Olam
−
04 iyul
5836Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Tolibon”ni Rossiyaning terrorizmga qarshi kurashdagi ittifoqchisi, deb ta’rifladi. Bu haqda u Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining 24-sammitidan so‘ng jurnalistlarga bergan bayonotida so‘z ochdi.
“Tasavvur qilib ko‘ring, “Tolibon” Afg‘onistonda mamlakatdagi hokimiyatni nazorat qiladi. Shu ma’noda u, albatta, terrorizmga qarshi kurashda bizning ittifoqchimizdir. Chunki har qanday hokimiyat o‘zlari boshqarayotgan davlatning barqarorligidan manfaatdor. Shu o‘rinda biz ham”, degan Putin.
Ma’lumot uchun, bundan 3-4 kun oldin Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov “Tolibon” terrorchi emas, balki pushtun diniy urf-odatlarining targ‘ibotchilari ekanini aytgandi. Shuningdek, maxsus vakil “Tolibon” joriy qilgan ayrim cheklovlar aslo terrorizm va diniy ekstremizm taqiqlari sifatida qabul qilinmasligi kerakligini, harakat asosini pushtun rahbarlari tashkil etishi va ular o‘z sinfining diniy urf-odatlarini joriy etish uchun intilayotganini qo‘shimcha qilgandi.
Kabulov xorijiy hukumatlarning “Tolibon” ichki ishlariga aralashuvini ham qoralagan. Harakat yuqori salohiyatga egaligi va mamlakatni idora qila olishini ta’kidlagan. Shu o‘rinda aytish kerakki, harakat Oliy sud qarori bilan 2003 yilning mart oyidan beri Rossiyada terrorchi deb tan olingan. Kreml esa uni bu ro‘yxatdan chiqarish rejalashtirilayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mamlakat nega “Tolibon”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarayotganini tushuntirgandi.
LiveBarchasi