“Tolibon” Panjsherning necha foizini egallagani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
09 Sentabr 2021
16851Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlari hududning 60-65 foizini nazorat qilmoqda. Viloyatning 35 foizdan ortig‘i esa “Tolibon” nazorati ostida. Bu haqda Qarshilik fronti vakili Ali Nazariy CNN telekanaliga ma’lum qilgan.
“60-65 foiz (Qarshilik nazorati ostida — tahr.). Panjsherdagi barcha strategik pozitsiyalar bizning nazoratimizda. Biz asosiy yo‘ldan taktik chekinishni amalga oshirdik”, degan Nazariy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” qarshilik kuchlari bilan jang paytida katta yo‘qotishlarga uchragan.
“Bir muncha vaqt o‘tgach, Panjsher to‘liq tozalanadi (“Tolibon”dan — tahr.)”, deya qo‘shimcha qilgan Nazariy.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon” bo‘ysunmayotgan Panjsherni to‘liq egallaganini e’lon qilgandi.
Shundan so‘ng, ushbu viloyat lideri Ahmad Mas’ud murojaat bilan chiqib, toliblarga Panjsherni egallashda xorij harbiylari yordam berganini ta’kidlagan. Shu sababli u jahon hamjamiyatidan ushbu vaziyatga e’tibor qaratishni hamda “Tolibon”ning xatti-harakatlarini qoralashni so‘ragan.
Afg‘onistondagi vaziyat
AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi