“Tolibon”ning jurnalistlarni o‘ldirganini yoqlagan yigit universitet rektori bo‘ldi
Olam
−
23 Sentabr 2021
15471Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan “Tolibon” harakati jurnalistika sohasida bakalavr darajasiga ega Muhammad Ashraf G‘ayratni Qobul universiteti rektori vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Bu haqda “Khaama Press” agentligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, G‘ayrat toliblar tomonidan ishdan olingan farmakognoziya fanlari doktori, professor Muhammad Usmon Boburiy o‘rniga Afg‘onistonning eng yirik universitetini boshqaradi. Yangi rahbarning yoshi aniqlanmagan, ammo universitet o‘qituvchilari va talabalarining ta’kidlashicha, “u hali yosh va mamlakatning asosiy ta’lim muassasasini boshqarish uchun munosib tajribaga ega emas”.
Universitet saytida joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, G‘ayrat 2008 yilda Qobul universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan, so‘ng Afg‘oniston Ta’lim vazirligida ishlagan, u mamlakat janubi-g‘arbidagi nazorat organlaridan biriga rahbarlik qilgan.
Afg‘oniston ziyolilari Qobul universitetining kelajagidan qo‘rqmoqda, chunki yangi tayinlangan rektor bir yil oldin Twitter’dagi sahifasida “Tolibon”ning jurnalistlarni o‘ldirganini oqlab xabar yozgan.
Ta’lim muassasasi saytidagi bayonotda rektorni tayinlash to‘g‘risidagi ushbu qaror vaqtinchalik ekani va agar kerak bo‘lsa, uni qayta ko‘rib chiqish mumkinligi ta’kidlangan.
Ta’kidlanishicha, sobiq rektor Afg‘oniston Islom Amirligi Oliy ta’lim vazirligiga ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun olti oyga Germaniyaga borish imkoniyatini taqdim etish so‘rovi bilan murojaat qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, professor Boburiy 2020 yil may oyida u Qobul universiteti rektori etib tayinlangandi. U 1962 yilda Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Hirot viloyatida ziyoli oilada tug‘ilgan. 1985 yilda Pyatigorsk farmatsevtika institutini imtiyozli diplom bilan tugatgan. O‘sha yili vataniga qaytgach, Qobul universitetida o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan. 2007-2017 yillarda mamlakat Oliy ta’lim vazirining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 2019 yilda u Germaniyaning Marburg shahridagi Filipp nomidagi universitetda farmakognoziya bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Avvalroq, “Tolibon” harakati universitetlarda talaba qizlar va yigitlarning birgalikda o‘qishini taqiqlagandi.
LiveBarchasi