“Tolibon”ning faollashuvi fonida Markaziy Osiyo va Rossiya Termizda harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi
Olam
−
15 iyul 2021
12801Joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda “Lenta” nashri yozmoqda.
Qayd etilishicha, Rossiyaning Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlangan rejaga ko‘ra, mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor noqonuniy qurollangan guruhlarga qarshi kurashga qaratiladi. Bundan tashqari, qo‘shinlar mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan urinishlarga qarshi kurash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘taydi.
“Izvestiya” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyidagi harbiy mashg‘ulotlar O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Termiz shahri poligonlarida bo‘lib o‘tadi. Sentyabr oyidagi esa Qirg‘izistonning “Edelveys” o‘quv markazi bazasida bo‘ladi.
Xabarga ko‘ra, mashg‘ulotlar turkumi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) mamlakatlari Qurolli kuchlarining “Tinchlik missiyasi-2021” qo‘shma strategik manyovrlari bilan yakunlanadi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya tomondan 15-tinchlikparvarlik va 55-tog‘li motorli miltiq brigadalari kuchlari, shuningdek, 31-alohida desant-hujum brigadasining harbiy-havo qismlari jalb qilinadi. Bundan tashqari, manyovrlarda 2 va 24-alohida maxsus maqsadli brigadalar guruhlari, shuningdek, qo‘shma qurolli armiyalar maxsus kuchlarining alohida rota bo‘linmalari ishtirok etadi.
“Rossiyaning Qirg‘iziston va Tojikistondagi aviabazalari ham jalb qilinadi. Shuningdek, 201-harbiy bazaning bir qismi bo‘lgan S-300 havo hujumidan mudofaa tizimlari ham mashg‘ulotlarda ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.
Ayni paytda Tojikistonda qo‘mondonlik-shtab mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Unda Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasidan mingga yaqin harbiylar ishtirok etmoqda. O‘quv mashg‘ulotlari hafta oxirigacha davom etadi.
Ma’lumot o‘rnida, Tojikiston hududidagi 201-harbiy baza Rossiyaning o‘z chegaralaridan tashqaridagi eng yirik harbiy ob’ektidir. U Dushanbe va Boxtar shaharlarida joylashgan. 2012 yilda ushbu bazaning 2042 yilgacha Tojikistonda qolishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Uning tarkibiga motorli miltiq, artilleriya, razvedka, zenit-raketa va boshqa qismlar kiradi. 2015 yil sentyabr oyidan boshlab tarkibga harbiy havo guruhi ham qo‘shildi. 2020 yilda bazaga 20 ga yaqin yangi va zamonaviy uskunalar, jumladan, Mi-8-MTV5-1 tashuvchi jangovar vertolyotlari, piyodalar uchun modernizatsiya qilingan BMP-2M jangovar mashinalari qabul qilindi.
Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.
LiveBarchasi