“Tolibon”ni Tojikistondan boshqa hamma maqtadi
Olam
−
04 Oktabr 2023
12109Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi maslahatlashuvlar ishtirokchilari hozirgi afg‘on hukumatining narkotik jinoyati va terrorizmga qarshi kurashdagi salmoqli sa’y-harakatlarini yuqori baholadilar. Tojikiston esa muvaqqat “Tolibon” hukumatining bu sohalardagi muvaffaqiyatlarini e’tirof etmadi. Bu haqda brifingda Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov ma’lum qildi.
“Aksariyat ishtirokchilar “Tolibon”ning Afg‘onistondagi ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatlarini olqishladilar va biz afg‘on hukumatini bu sa’y-harakatlarni davom ettirishga undadik, chunki bu barcha qo‘shnilarning xavfsizlik manfaatlariga mos keladi. Biz afg‘on hukumatini afg‘on narkotik sanoatiga qarshi olib borayotgan kurashi uchun olqishladik. Bizning tojik hamkorlarimiz – Tojikiston rahbariyatining munosabati shunday – ular Afg‘onistonni juda tanqid qiladi va hozirgi hokimiyatni maqtashga sabab yo‘q, deb hisoblaydi”, deydi diplomat.
Kabulovning bildirishicha, Moskva formatidagi o‘nta delegatsiyadan to‘qqiztasi bunga rozi emas.
“Ammo biz hamkorimizning milliy pozitsiyasini hurmat qilamiz va ularni Qozon deklaratsiyasini qabul qilganlar ro‘yxatiga kiritmaslik haqidagi taklifiga rozi bo‘ldik”, deya qo‘shimcha qildi u.
Moskva formati 2017 yilda Rossiya, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Xitoy va Pokiston maxsus vakillari o‘rtasida olti tomonlama maslahatlashuv mexanizmi asosida yaratilgan. Uning birinchi yig‘ilishi 2017 yilning 14 aprelida 11 davlat, jumladan, Afg‘oniston tomoni vazir o‘rinbosarlari va maxsus vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan edi. Formatdan ko‘zlangan asosiy maqsad Afg‘onistondagi milliy yarashuv jarayoniga ko‘maklashish va bu mamlakatda tezroq tinchlik o‘rnatishdan iborat. 29 sentyabr kuni Qozon shahrida Moskva formati ishtirokchilarining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, uning yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi uchrashuv joriy yilning 29 sentyabr kuni Qozon shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan davlatlar “Tolibon” rejimini afg‘onistonliklarning turmush darajasini oshirish choralarini ko‘rishga chaqirdi.
Yig‘ilishda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Turkmaniston va O‘zbekistondan maxsus vakillar va yuqori martabali amaldorlar, shuningdek, “Tolibon” tashqi ishlar vaziri qatnashdi. Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Turkiya vakillari faxriy mehmon sifatida taklif qilindi.
LiveBarchasi