“Tolibon”ni qaysi davlat qo‘llamoqda? Afg‘oniston hukumati kimdan norozi?

Olam

image
“Tolibon”ga qarshilar ham, uning tarafdorlari ham yetarlicha. Afg‘onistonda fuqarolik urushi muqarrarmi? north_east

“Tolibon”ga qarshilar ham, uning tarafdorlari ham yetarlicha. Afg‘onistonda fuqarolik urushi muqarrarmi?

Pokiston “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda va hozirgacha Afg‘onistonda tinchlikni saqlash uchun biron bir qadam tashlamadi. Bu haqda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulloh Mohib “Xalqaro sharh” ko‘rsatuvi uchun bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Jurnalistning “Tolibon” avvaldan Pokiston razvedkasi va armiyasi bilan chambarchas bog‘liq edi. Afg‘onistondagi bugungi vaziyatda rasmiy Islomobodning o‘rni qanday, Qobul Pokistonni toliblarga qarshi kurashda sherik, deb biladimi yoki aksincha, degan savoliga Afg‘oniston Prezidenti maslahatchisi quyidagicha javob bergan:

“Afsuski, sherik emas. Pokiston tinchlik hamda barqarorlikni o‘rnatishda juda ijobiy rol o‘ynashi, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlarning bo‘g‘iniga aylanishi mumkin. Pokistonliklar aynan shunday qilishayotganini aytmoqda, ammo amalda biz boshqasini ko‘ryapmiz. Ular toliblarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda va hozirgacha tinchlikni saqlash uchun Pokiston tomonidan tashlangan biron bir qadamni ko‘rmadik. Pokiston afg‘on xalqi ustidan toliblar hukmronligini o‘rnatishga urinishdan ko‘ra, haqiqatni anglab yetib, tinchlik jarayoniga hissa qo‘shadi, deb umid qilamiz”.

Qayd etish kerakki, Ashraf G‘anining saylovoldi dasturlari orasida qo‘shni Pokiston bilan munosabatlarni yaxshilash masalasi bor edi. Shunday qilib, 2014 yilda Ashraf G‘ani Afg‘oniston Prezidentiga aylangach, Pokistonga keldi. Tashrifi chog‘ida Prezident G‘ani ikki davlat munosabatlarida yangi davr boshlanishi hamda o‘zaro aloqalar “haqiqiy va halol do‘stlik” rishtalari asosiga qurilishi kerakligini aytdi. Biroq oradan vaqt o‘tdi, lekin bularning hech biri amalga oshmadi. Aksincha, bugungi kunda ikki tomon bir-birini qo‘shni mamlakat hududida buzg‘unchi elementlarni qo‘llashda muntazam ayblab keladi.

O‘z navbatida, Turkiya tashqi siyosat instituti direktori, akademik, professor, siyosiy fanlar doktori Husayin Bag‘chi QALAMPIR.UZ ga bergan intervyusida “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlaydiganlar topilishi mumkinmi, yoki hozir bormi, degan savolga quyidagicha javob bergandi

“Hozir ularni qo‘llab-quvvatlovchi biror bir tashkilot yoki davlat yo‘q. Eron bilan oralari buzilgan, “Tolibon”ning Eron bilan hamkorligi yo‘q. Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlashi mumkinmi? Menimcha yo‘q, chunki Saudiya Arabistonining AQSH bilan hamkorligi bor. Amerikaliklardan boshlab butun G‘arb mamlakatlari o‘z harbiy kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketadilar, ammo shuni ham unutmaslik kerak, “Tolibon” bu mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga majbur. “Tolibon” vakili Rossiyada bergan intervyusida, “dunyo hamjamiyati oldida o‘zlarini tahdid yoki xavf sifatida baholamasliklarini, Afg‘onistonda islomiy bir davlat qurishni, Afg‘onistonning xorijiy harbiy va siyosiy kuchlardan ozod qilinishini istashlarini” bildirdi”.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

512

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing