“Tolibon” mintaqadagi tartibsizliklarda Pokistonni aybladi
Olam
−
18:54 407 2 daqiqa
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi taranglik bir yildan ortiq vaqt davomida saqlanib qolmoqda. Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati vakili Zabihulloh Mujohid Pokistonning BMTdagi doimiy vakili tomonidan bildirilgan tanqidlarga javob qaytardi. Bu haqda “Tolonews” xabar berdi.
Mujohid Pokistonning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashayotganini aytib, Islomobodning Afg‘oniston hududidan Pokistonga qarshi foydalanilayotgani haqidagi takroriy da’volarini ham rad etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqadagi urush va beqarorlikni aynan Pokiston kuchaytirmoqda. Mujohid Pokistonda ISHID faoliyati rivojlantirilayotganini va Afg‘onistonga qarshi harakat qilayotgan ayrim guruhlar ham shu mamlakat hududida to‘planib, tashkil etilayotganini iddao qilgan.
Avvalroq, Pokistonning BMTdagi doimiy vakili Osim Iftixor Ahmad Afg‘oniston hukumatini xalqaro hamjamiyat oldidagi majburiyatlarini yetarli darajada bajarmayotganlikda ayblagan. U Afg‘oniston oldidagi asosiy talablar qatorida inklyuziv boshqaruvni shakllantirish, inson huquqlari, xususan, ayollar va qizlar huquqlarini hurmat qilish hamda Afg‘oniston hududidan qo‘shni yoki boshqa davlatlarga qarshi foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslikni sanab o‘tgan.
Ahmadning aytishicha, so‘nggi besh yil davomida mazkur uch yo‘nalishning hech birida sezilarli ijobiy siljish kuzatilmagan, aksincha, vaziyat yomonlashgan.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi bir yildan ortiq vaqt davomida keskinligicha qolmoqda. Mintaqa davlatlarining vositachilik harakatlariga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy aloqalarning kelajagi hozircha noaniq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumati ISHID-Xga qarshi operatsiyalar o‘tkazishi va boshqa jangarilar guruhlarini jilovlashga urinishiga qaramay, Afg‘onistondagi terrorchilik tahdidini bartaraf eta olmagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi