“Tolibon” liderlari o‘rtasidagi ziddiyatlar bo‘yicha izoh berildi
Olam
−
16 Sentabr 2021
15318“Tolibon” harakati siyosiy idorasi a’zosi Anas Haqqoniy Bosh vazir o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar va Qochqinlar masalalari bo‘yicha vazir Xalil Rahmon Haqqoniy o‘rtasida jiddiy nizo chiqqani haqidagi xabarlarni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb atadi. Bu haqda “Sputnik” nashri “Kabul News”ga tayanib yozmoqda.
Anas Haqqoniyning aytishicha, “Tolibon” ichida nizo chiqqani haqidagi xabarlar harakat dushmanlarining tashviqot ishidir. U Afg‘onistonda yangi tuzilgan muvaqqat hukumat tarkibidi Ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sirojiddin Haqqoniyning ukasidir. Ular “Haqqoniy tarmog‘i”ning asosiy figuralaridan hisoblanadi. “Al Ahbar” gazetasi eksperti Ferzad Ramdaniyga ko‘ra, ushbu tarmoq Pokiston razvedkasi bilan kuchli bog‘langan.
Eslatib o‘tamiz, BBC nashri Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” rahbarlari o‘rtasida jiddiy ziddiyat boshlangani haqida o‘z manbalariga tayanib, xabar bergandi.
Taxminan bir haftacha oldin Prezident saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Tolibon” asoschilaridan biri Abdul G‘ani Barodar “Haqqoniy” tarmog‘ining taniqli vakili Xalil Rahmon Haqqoniy bilan janjallashgan. Mojaroda har bir tomonning tarafdorlari ham qatnashgan. Bahsga Barodarning yangi hukumat tuzilmasidan noroziligi sabab bo‘lgan.
Ziddiyatning asl ildizi “Tolibon” g‘alabasining asosiy “me’mori” kim, degan savolga borib taqaladi. Barodarning fikricha, “Tolibon”ning hokimiyat tepasiga kelishi muzokaralar va diplomatiya bilan shug‘ullanganlarning, ya’ni unga o‘xshash odamlarning xizmatidir. Shu bilan birga, “Haqqoniy tarmog‘i”ning yuqori martabali a’zolari hamma narsani ularning harbiy yutuqlari hal qilgan, deb hisoblaydi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 15 avgust kuni mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumat tuzdi.
LiveBarchasi