“Tolibon” katta urushga tayyorlanmoqda – rossiyalik siyosatchi

Olam

image

Isroil va HAMAS o‘rtasida janglar davom etayotgan, G‘azo sektoridagi voqealar va 2,2 millionga yaqin falastinliklar genotsid qurboniga aylanayotgan bir paytda, dunyo afg‘on pushtunlarining Pokistondan keng ko‘lamli deportatsiya qilinishini deyarli payqamayapti. Gap yuz minglab odamlar ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 1,8 million afg‘on muhojirlari haqida ketyapti.

Pokiston va Afg‘onistonda nima bo‘lyapti, vaziyat portlashi mumkinmi, hozirgi inqiroz Markaziy Osiyo, Eron va Janubiy Kavkazga qanday ta’sir qiladi? Bu bo‘yicha Rossiya siyosatshunoslar jamiyatining tahliliy markazi direktori, Afg‘oniston siyosatini o‘rganish markazi rahbari Andrey Serenko javob berdi.

Serenkoning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon”ning ustuvor yo‘nalishi Pokiston bilan urushish, Markaziy Osiyoga oldinga siljish va Eronga qarshi kurashdir.

Afg‘on pushtunlarini deportatsiya qilishdan maqsad nima?

Yaqin vaqtgacha Pokistonda 1,8 millionga yaqin afg‘on pushtunlari yashagan.

Birinchi afg‘onlar u yerda 50 yil oldin, Afg‘onistonda qirol Zohirshohning taxtdan ag‘darilishi oqibatida yuzaga kelgan katta siyosiy notinchlik davri boshlanganda paydo bo‘lgan. Pokistonga ko‘chib kelgan afg‘onlar orasida qurollangan odamlar ham bor edi, lekin ular asosan yaxshiroq hayot izlagan qochqinlar edi. U yerda ular o‘rnashib, oila qurdi, qonuniy yoki noqonuniy biznes tashkil qilishdi.

Muayyan nuqtaga qadar Pokiston bu holatdan xursand edi. Pokistonliklar afg‘on muhojirlarining yirik koloniyasidan, jumladan, afg‘on qurolli muxolifati uchun orqa baza sifatida foydalangan.

Avvaliga Afg‘onistonda kommunistik rejimga qarshi mujohid guruhlari paydo bo‘ldi. Keyin esa “Tolibon”ga qarshi hujumlar boshlanib ketdi. Eslatib o‘tamiz, pushtunlar Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarida ham yashaydi.

Qayd etilishicha, Pokiston razvedka xizmatlari 2021 yilda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganida Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anini ag‘darish uchun ushbu vositadan foydalangan.

“Ammo keyin, "eshak semirsa egasini tepadi" maqoli haqiqatga aylandi. Qobulda hokimiyatni qo‘lga kiritgan afg‘on toliblari qisman nazoratdan chiqib ketdi”, deyiladi maqolada.

Shunday qilib, afg‘on toliblari Qobulda hokimiyat tepasiga kelgach, ularning g‘alabasi Pokiston toliblari – “Tehrik-e Tolibon Pokiston” harakati uchun namuna bo‘ldi. Ular Pokiston armiyasiga, xavfsizlik kuchlariga, razvedkaga urush e’lon qildi va Pokistonda ham xuddi shu amirlikni qurmoqchi ekanliklarini aytishdi.

Pokiston toliblarining katta qismi pushtunlardir. Ular Durand chizig‘i bilan ajratilgan Pokiston va Afg‘onistonda (Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi 2640 kilometrlik chegara belgilanmagan – tahr...) yashaydi.

Aytilishicha, Afg‘oniston va Pokiston pushtunlari o‘rtasidagi birdamlik juda kuchli va ular bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada, Pokiston armiyasi “Tolibon”ning taktikasiga dosh berishga qiynalayotgani, o‘z mamlakati hududidagi jangarilarga chek qo‘yishning uddasidan chiqa olmayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Pokiston “Tolibon”i juda samarali harakat qildi. Islomobodning fikricha, pushtun birdamligi va mamlakatda orqa bazalarning mavjudligi “Tehrik-e Tolibon Pokiston”ning “koziri”dir. Afg‘oniston “Tolibon”i Pokiston “Toliboni”ga yordam bermasligiga ishontira olmadi. Natijada Pokiston harbiylari pushtun afg‘onlarini Pokiston hududidan Afg‘onistonga deportatsiya qilishga qaror qildi. Bu qadam ham Islomobod va Ravalpindi (Pokistonning sobiq poytaxti – tahr...) tomonidan Qobulga bosim o‘tkazishga urinishdir”, deyiladi maqolada.

Pushtun afg‘onlari Afg‘onistonning shimoliy hududlari, Markaziy Osiyo, ya’ni MDH davlatlari bilan chegaradosh hududlarga joylashmoqda.

Ushbu ko‘chirishdan yana bir maqsad – jahon hamjamiyatidan moddiy yordam olish. Pokiston Xitoy, G‘arb va Yaqin Sharqning boy davlatlaridan yordam kutmoqda. Shunday qilib, Pokiston ularni bu yerda saqlashga pulimiz yo‘q, deyishi mumkin. Agar yordam berilsa, afg‘on pushtunlarini ko‘chirish to‘xtatilishi mumkin.

“Ammo har qanday holatda ham, deportatsiya to‘xtatilgan taqdirda ham o‘nlab, hatto yuz minglab afg‘on pushtunlari Afg‘onistonga deportatsiya qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, biz Afg‘onistonda inqirozni kutishimiz mumkin, u yerda “Tolibon”ning o‘ziga ko‘ra, umumiy ishsizlik bor”, deydi Andrey Serenko.

Bu inqiroz Markaziy Osiyo, Eron va hatto Janubiy Kavkaz mamlakatlariga qanday ta’sir qilishi mumkin?

“Bugun Afg‘onistonda qashshoqlik darajasi ortib bormoqda. Tolibon o‘z siyosiy tizimini quryapti. Mamlakat xalqaro hamjamiyat yordami bilan yashaydi, ammo byudjetning deyarli 40 foizi “Tolibon” xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirishga ketadi”, deydi Serenko.

Rossiyalik tahlilchiga ko‘ra, hozirgi Afg‘onistonni mintaqa uchun eng jiddiy muammo deb atash mumkin. Ammo “Tolibon” harakati bu rejimning katta urushga tayyorlanayotganiga shubha qoldirmaydi.
Urush kim bilan bo‘lishi mumkin?

Bildirilishicha, ustuvor maqsad Pokiston bilan urush, ya’ni Pokiston “Tolibon”ini qo‘llab-quvvatlash.
Bunga Markaziy Osiyoga oldinga siljish va shia Eroniga qarshi kurash ham kiradi. Bu Janubiy Kavkaz uchun ham, Rossiya uchun ham tahdiddir.

“Tolibon” allaqachon G‘azoda Isroilga qarshi urush uchun ko‘ngillilarni yollashga urinmoqda. Hozircha bu jarayonni hech kim moliyalashtirmayapti va ular tekinga kurashishga tayyor emas. Ammo ertaga homiylar paydo bo‘lsa, G‘azoga, Eronga, Janubiy Kavkazga yoki Rossiyaga qarshi jang qilishni xohlaydiganlar juda ko‘p bo‘ladi. Afg‘oniston baribir portlaydigan vaqtli bomba bo‘lib qolmoqda. O‘ylaymanki, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, Pokiston, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon bunga hozirlik ko‘rishi kerak”, deydi Andrey Serenko.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing